Buyuk Ipak yoʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qadimda sharq bilan gʻarbni boʻgʻlab turgan savdo yoʻli.

Dengiz, okean yoʻllari ochilmasdan oldin bu yoʻllar muhim ahamiyat kast etgan. Buyuk Ipak yoʻli — insoniyat rivojlanishi tarixining, uning birlashuvga hamda madaniy qadriyatlari bilan almashishga, hayotiy fazo-yu mahsulotlarni sotish uchun bozorlarga erishishga intilishining oʻziga xos boʻlgan hodisasidir. Sharqda aytiladigan naqlga qaraganda: „Oʻtirgan — boʻyra, yurgan — daryo“. Harakatlanish — bu hayotdir, sayohat qilish, jahongashtalik doimo taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan edi. Insoniyat tarixida eng ulkan boʻlgan ushbu qitʼalararo savdo yoʻli Yevropa va Osiyoni bir-biriga bogʻlab, oʻtmishda antik Rim davlatidan to Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara shahrigacha choʻzilgan edi. Albatta, sharq va Gʻarb oʻrtasidagi savdo oʻtmish qaʼriga choʻkkan qadim-qadim zamonlardan beri olib borilar edi, lekin bu kelgusida bunyod etilgan Buyuk yoʻlning aloxidagi qismlari edi. Savdo aloqalari hosil boʻlishiga Markaziy Osiyo togʻlarida yarim qimmatbaho toshlar — Sharqda nihoyatda qadrlangan lazurit, nefrit, aqiq, feruzalar qazib chiqariladigan konlarni topib, qazib olish koʻp jihatdan koʻmaklashgan. Masalan, Markaziy Osiyodan Eronga, Mesopotamiyaga va hatto Misrga lazurit toshi yetkazib beriladigan „lazurit yoʻli“ mavjud edi. U bilan bir paytda „nefrit yoʻli“ ham tarkib topgan, bu yoʻl Xotan va Yorkent tumanlarini Shimoliy Xitoy mintaqalari bilan bogʻlar edi. Bundan tashqari, Old Osiyo mamlakatlariga Soʻgʻdiyona va Baqtriya davlatlaridan aqiq toshlari olib ketilar edi, Xorazmdan esa feruza keltirilgan. Bu yoʻnalishlarning barchasi oxir-oqibat Buyuk Ipak yoʻliga kirib mujassamlashgan. Markaziy Osiyodan Gʻarbga va Janubga oʻtkazilgan karvon yoʻllarini hamda Xitoydan Sharqiy Turkistonga olib boradigan yoʻllarni oʻzaro bogʻlab bergan buyuk yoʻlning haqiqiy boshlanishini tarixchilar eramizdan avvalgi ikkinchi asrning oʻrtalarida, deb hisoblaydilar, oʻsha davrda xitoyliklar uchun ilk bora Gʻarb oʻlkalari — Markaziy Osiyo davlatlari kashf etilgan edi.

Buxoro shahri[tahrir]

Shuni aytib oʻtish lozimki, bu yoʻl hech qachon yagona bir yoʻl boʻlmasdan, balki azim bir daraxtning sadasiga oʻxshash tarzda shoxlanib ketgan turli-tuman yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan edi. Masalan, Osiyoni sharqdan gʻarbga qarab kesib oʻtuvchi asosiy yoʻllardan biri qadimiy Xitoyning poytaxti Chanan shahrida boshlanib, uning shimoli-gʻarbiy chegaralarigacha Gobi sahrosining cheti boʻylab ketgan, keyin sharqiy Turkiston orqali oʻtgan. Tyan-Shan tizmasi dovonidan oshib oʻtgan karvonlarinng bir qismi Fargʻona vodiysi va Toshkent vohasi orqali Soʻgʻdiyonaning poytaxti Samarqandga, Buxoroga, Xorazmga olib borgan, keyin esa Kaspiy dengizi qirgʻoqlariga yetib kelar edi. Karvonlarni gbir qismi Samarqanddan chiqib, Baqtriyaga borar va Qashqadaryo vodiysi dan oʻtib Termiz shahriga kelar edi, u yerdan Amudaryodan kechib oʻtib, Janubga, Baqtralar va Hindistonga qarab ketar edi. Yoʻlning yana bir yoʻnalishi Tarim shahridan chiqib, Takla-Makon sahrosini janub tarafidan aylanib oʻtib, Xotan va Yorkent shaharlari orqali Baqtraga (shimoliy Afgʻoniston) va Marvga kelar edi, bu yerdan karvonlar Eron, Suriya davlatlari orqali oʻtib, Oʻrta Yer dengizi boʻyiga yetib kelar edi, mahsulotlarning bir qismi dengiz yoʻli bilan Rim va Yunonistonga kelib tushar edi. Nomidan ham maʼlum boʻlishicha, karvon yoʻllaridagi savdoning asosiy buyumi butun jahonda juda qimmatbaho boʻlgan ipak mahsulotlari edi. Masalan, oʻrta asrlarning dastlabki davrida ipak eng qadrli hisob-kitob birligi boʻlib, hatto tillani muomaladan siqib chiqaradigan darajagacha chiqar edi. Masalan, Soʻgʻdiyonada bir otning narxi oʻnta ipak kiyimliklariga tenglashtirilgan. Ipak bilan bajarilgan ishlar evaziga, navkarlarni yollash uchun toʻlov qilinar, ipak bilan hatto sodir etilgan jinoyat evaziga xun toʻlash mumkin edi. Ushbu karvon yoʻllarini birinchi boʻlib venetsiyalik savdogar Marko Polo „ipak yoʻli“ deb nomlagan edi, u yevropaliklardan birinchi boʻlib Xitoy imperiyasining chegaralariga yetgan. „Buyuk Ipak yoʻli“ atamasini esa nemis tadqiqotchisi Ferdinand Rixtgofen 1877- yilda oʻzining „Xitoy“ nomli fundamental asarida ilk bora ilmiy tarzda kiritgan. Ipak qitʼalararo yoʻl orqali tashib oʻtiladigan asosiy mol boʻlsa ham, lekin yagona emas edi. Markaziy Osiyodan Xitoyda juda qadrlanadigan otlar, tuyalar, harbiy anjomlar va qurol-yarogʻlar, oltin va kumush, yarim qimmatbaho toshlar va shisha buyumlar, teri va jun-moʻynalar, gilamlar-u ip-gazlama matolar, zar tikilgan matolar, oʻziga xos antiqa mevalar — tarvuzlar, qovunlar va shaftolilar, yirik dumbali qoʻylar va ovchi itlar, qoplonlar va arslonlar olib chiqib sotilar edi. Xitoydan karvonlar chinni va metall idishlarni, laklangan buyumlar va pardoz-upalarni, choy va guruchni olib kelishar edi. Savdogarlarning yoʻl toʻrvalarida turli-ituman noyob buyumlar, fil qoziq tishlari, karkidon shoxlari, toshbaqa toshlari, ziravorlar va koʻpgina boshqa xil mollar topilar edi. Buyuk ipak yoʻli orqali nafaqat savdo karvonlari, balki xalqlarning erishgan madaniy yutuqlari, maʼnaviy qadriyatlari, diniy gʻoyalari ham jahonga tarqalib borar edi. Buddizm Kushan davlatidagi boshqa dinlar bilan birga hukm surgan boʻlib, bu yerdan to Xitoygacha tarqalgan. Eramizning birinchi asrlarida Kichik Osiyodan bu yerga xristianlik dini kelib yetgan. Arab xalifaligining qattiqqoʻl harbiy navkarlari VII asrda islom taʼlimotini olib kelganlar. Savdogarlar va targʻibotchilarning oʻtkazgan yoʻllari boʻylab moʻgʻula sahrolaridan Yevropa tekisliklarigacha Chingisxon sahroyi bosqinchilari quyundek oʻtgan. Buyuk Ipak yoʻlining qoq yuragi boʻlgan Samarqand shahridan oʻrta asrlardagi Sharqning buyuk sarkardasi Temur oʻz yurishlarini boshlab, zafar quchar edi. Bundan tashqari, karvon yoʻllaridan asrlar boʻyi allomalar, tadqiqotchilar ham sayohat qilar edi. Xitoy ruhoniysi Syuan Tszyan va venetsiyalik savdogar Marko Polo, arab sayohatchisi — savdogar Ahmad ibn Fadlan va bavariyalik sarkor Shiltberger, vengriyalik tadqiqotchi Arminiy Vamberi hamda shvetsiyalik geograf Sven Xedin, rus olimi Aleksey Fedchenko va frantsiyalik jurnalist ayoli Ella Mayyar, amerikalik geolog olim Rafael Pampelli va frantsiyalik sayohatchi Jozef Martenlarning yoʻlda qayd etgan yozuvlari va ilmiy asarlaridan biz Buyuk Ipak yoʻli boʻylab yotgan mamlakatlarda yashagan xalqlarning tarixini, ularning urf-odatlari va anʼanalarini bilib oldik. Sharq va Gʻarbni oʻzaro bogʻlagan bu beqiyos buyuk yoʻlni bunyod etgan xalqlarning tirik bir xotirasi qadimiy Oʻzbekiston shaharlari Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Toshkent shaharlari boʻlib, ularning meʼmorchilik yodgorliklari Buyuk Ipak yoʻlining koʻp asrlik tarixini oʻzida mujassam etadi.


Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va yoʻllanmalariga muvofiq tartibga keltiring.