Bratislava

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bratislava — Slovakiya Respublikasining poytaxti, Avstriya va Vengriya chegarasiga yaqin joyda. Mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Aholisi 452 ming kishi (1997). B. 10-a. boshlarida Buyuk Moraviya knyazligidagi qalʼa sifatida tilga olinadi. Bu knyazlikni vengerlar tormor etgach (907), B. Pojon nomi bilan Vengriyaga qoʻshildi. Oʻrta asrlarda esa nemislar qoʻliga oʻtib, Presburg deb nomlangan. 1536 y. da gabsburglarning Vengriyadagi markaziga aylandi. 1541—1784 y.larda B. Vengriya qirolligi poytaxti, 18-a. oxiridan Slovakiya milliy ozodlik harakatlari markazi boʻlgan. 1918 y.da Chexoslovakiya tashkil topgandan soʻng , Slovakiya Respublikasining , 1992 y.dan mustaqil Slovakiya Respublikasi poytaxti.

B. transport yoʻllari tuguni. Dunay boʻyidagi yirik portlardan. Aniq mashinasozlik va stanoksozlik, elektrotexnika, yogʻochsozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat, poligrafiya, qurilish materiallari i.ch. sanoati rivojlangan. Kimyo va neft kimyosi sanoati markazi. Slovakiya FA (1953), Slovakiya muzeyi, unt, politexnika inti, iktisod, badiiy va teatr intlari bor. Meʼmoriy yodgorliklardan gotika uslubidagi sobor (1221), Mixaylov darvozasi (14—18-a.lar) va b. saqlangan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil