Boysuntogʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boysuntogʻ
Choʻqqisi Xoʻjapiryox
Balandligi 4425 metr
Boysun togʻlari orasidagi qishloq

Boysuntogʻ — Hisor togʻ tizmasining eng uzun boʻlgan janubi-gʻarbiy tarmogʻi. Bu tizmada ulkan gʻorlar, chuqur daralar va alp oʻtloqlari mavjud.

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻ Surxondaryo viloyatining asosan Boysun, qisman Sariosiyo tumanlari hududida joylashgan. Shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga tomon 150 km uzunlikka choʻzilgan. Eng baland joyi — 4425 metrlik Xoʻjapiryox choʻqqisi hisoblanadi. Boysuntogʻ tizmalari Sheroboddaryo bilan Surxondaryoning suvayirgʻich qismida joylashgan. Boysuntogʻ etaklarida aholi yashash hududlaridan Kofirun, Darband, Padang va Rabat joy olgan[1].

Nomlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻning ayrim qismlari turli nomda ataladi: (shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga tomon) Qushtang (3723 metr), Ketmonchopti, Sarimas (1886 metr), Suvsiztogʻ (2124 metr) kabilar[2].

Choʻqqilar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻ Hisor tizmasidagi ancha baland togʻ boʻlib, ayrim choʻqqilari shimoli sharqiy qismlarda 3700 metr balandlikkacha yetishi mumkin. Boysuntogʻning janubi gʻarbiy tomonida Koʻhitang togʻi joylashgan. Koʻhitang janubi gʻarbga tomon 50 km uzunlikka qadar choʻzilgan va eng baland joyi 3137 metrni tashkil etadi. Boysuntogʻning sharqida esa unga yonma-yon tarzda Surxontogʻ joy olgan, bu tizma u qadar uzun emas, ammo ancha baland (3882 m) togʻ tizmasi hisoblanadi. Bu togʻning janubiy qismida Sherobod-Sariqamish past togʻlari (1126 m) yastanib yotadi. Sherobod-Sariqamish past togʻining janubi gʻarbiy hududida Klif-Sherobod past togʻi joy olgan[3]. Boysuntogʻ tizmasidagi oʻrtacha balandlik 2500-3000 metrni tashkil etadi.

Boysuntogʻda 3000 m dan baland dovonlar (Belovti — 3712 m, Gaza — 3018 m) bor.

Shakllanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻ gersin va alp orogenezlari davrida burmalangan. Asosan paleozoy erasi granit, granodiorit, gneys, slanes jinslaridan tarkib topgan. Yon bagʻirlari soy oʻzanlari bilan parchalangan, denudatsiya tektonik shakllari koʻp tarqalgan. Karst hodisasi rivojlangan.

Geografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻning janubi-sharqiy yon bagʻirlari tik va kambar, shimoli-gʻarbiy qismi esa qiyalikdan tashkil topgan. Janubi-sharqiy yon bagʻrining iqlimi ancha yumshoq (3000 m gacha boʻlgan yerlar) va sernam hisoblanadi. Dengiz sathidan 1200-1500 m balandlikda yozda havo harorati 25° darajani, qishda 0° darajani, 2500-3000 m balandlikda esa yozda 17°, qishda — 6° darajani tashkil etadi. Dengiz sathidan 750-1800 m balandlikda eng past harorat —17°, 1800-2800 metr balandlikda esa — 17° dan —25° gacha harorat kuzatiladi.

Yogʻin miqdori[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori Boysunda 445 mm, 2000 m balandlikda 800 mm ni tashkil etadi. Boysuntogʻdan koʻplab sersuv daryo va soylar boshlanadi. Machaydaryo, Qayroqsoy, Xoʻjaipok, Boysunsoy, Shotutsoy, Palgʻar va boshqalar shular jumlasidandir.

Tuprogʻi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu hududda asosan boʻz tuproq, qoʻngʻir, qoraqoʻngʻir togʻ-oʻrmon, ochqoʻngʻir oʻtloq va dasht tuprogʻi, baland togʻliklarda esa ochqoʻngʻir tuproqlar keng tarqalgan. Togʻ va dasht hududlarida siyrak archazor hududlari boʻlib, bu yerdada oʻrmon, oʻtloq, dasht va yaylov oʻsimliklari oʻsadi.

Oʻsimliklar dunyosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻ dorivor, efir moyli, mevali daraxtlar, yem-xashak va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan oʻsimliklarga boy. Antropogen taʼsiri oqibatida oʻsimlik qoplamlari maydoni qisqarib, turlarning zaxiralari kamayib bormoqda.

Hayvonot dunyosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻda yovvoyi hayvonlarning ham koʻp turlari keng tarqalgan. Togʻ oldi va togʻ hududlarida boʻri, tulki, boʻrsiq, kiyik, togʻ takasi, togʻ qoʻyi, Hindiston maynasi, qaldirgʻoch, kemiruvchilardan kalamush, qoʻshoyoq, yumronqoziq singari jonivorlar koʻplab topilafi.

Oʻzlashtirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togʻdan asosan yaylov sifatida foydalaniladi. Lalmi va sugʻorma dehqonchilik, shuningdek, bogʻdorchilik ham rivojlangan. Boysuntogʻda tuproq eroziyasi, yaylov degressiyasi, togʻ landshaftlari degradatsiyasi (yemirilishi), tabiiy ofat hodisalari (sel, oʻpirilish, koʻchki), sodir boʻlish holatlari koʻp kuzatiladi.

Tarixiy ahamiyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boysuntogʻda 60 mln. yil ilgari yashab oʻtgan dinozavr izlari topilgan. Shuningdek, Teshiktosh gʻoridan dafn etilgan neandertal qizning qoldiqlari ham aniqlangan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Boysuntogʻ“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
  2. "Boysuntogʻ" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. „Surxondaryo tabiiy geografik okrugi“ (o'zbek). geografiya.uz (2020-yil 23-may). Qaraldi: 08-2023.