Bodring

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bodring

Bodring – (lotincha: Cucumis sativus) bir yillik, oʻt oʻsimlik. Vatani — Hindiston,[1][2][3] ammo hozir dunyoning koʻpgina mamlakatlarida yetishtiriladi. Issiqsevar oʻsimlik xisoblansada, vegatasiya davrining qisqaligi sababli er kurrasining shimoliy oʻlkalarida ham etishtiriladi. Oʻzbekistonda sabzavot ekini sifatida keng ekiladi, etishtirish maydonlari boʻyicha pomidor, piyoz, sabzi, oq bosh karam sabzavotlaridan keying oʻrinda turadi. Oʻzbekistonda taxminan 8000-10000 gektar maydonda etishtiriladi.

Bodring
Olam Oʻsimliklar
Boʻlim Yopiq urugʻlilar
Sinf Ikki pallalilar
Tartib Passifloragullilar
Oila Qovoqgullilar
Avlod Qovoqdoshlar
Tur Bodring
Binar nomenklatura bo'yicha nomlanishi Cucumis sativus L.


Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bodring madaniy holda 3 ming yil ilgari yetishtirila boshlangani haqida maʼlumotlar bor. Vatani Hindistonning tropik va subtropik rayonlari hisoblanib, Himolay togʻ yonbagʻirlarida haligacha tabiiy holda oʻsadi. Hindistondan Gresiya va Italiyaga tarqalgan va keyinroq Xitoyga ham kirib borgan. Evropaning boshqa qismlariga rimliklar tomonidan olib kirilgan. Bodring Fransiya hududiga 9-asrda, Angliyaga 14-asrda, Shimoliy Amerika qitʼasiga 16-asr oʻrtalarida kirib borgan. Rossiyaga bodring Sharqiy Osiyo davlatlaridan 16-asrlarda kirib borgan degan taxmin bor (olmon elchisi Gerbershteynning Fors oʻlkasi va Moskovyaga boʻlgan safari xotiralari), lekin ayrim tarixchilarning fikriga qaraganda bodring Rus oʻlkalarida 9-asrlarda ham maʼlum boʻlgan.

Botanik tasvir, О. V. Тоmеning «Flora von Deutschland, Österreich und der Schweiz» kitobidan. Germaniya, 1885

Botanik tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Poyasi er bagʻirlab oʻsivchi, palakli oʻsimlik, gajaklari oddiy. Oʻsimligi 4-5 ta barg xosil qilgach, erga yotib, yoyilib palak otadi yoki gajaklari yordamida atrofdagi narsalarga chirmashib oʻsadi. Poyasi shoxlanuvchan, yomoloq, yumoloq-qirrali yoki qirrali, tuklar bilan qoplangan boʻladi. Asosiy poya, soʻngra uning barg qoʻltiqlaridan birinchi tartibli va ikkinchi tartibli yon shoxlar hosil boʻladi. Bodring oʻsimligi naviga, oziqlanish maydoni va haroratga bogʻliq xolda sust, oʻrtacha va kuchli shohlanuvchan boʻladi. Shoxlanish turiga qarab bodring navlari bir poyali, kuchli- (yon shoxlari 8 dan koʻp), oʻrtacha- (5-8 tagacha yon shoxlar) va sust- (1-4 tagacha yon shoxlar) shoxlanuvchan poyali navlarga boʻlinadi. Poyaning uzunligi nav va etishtirish shart-sharoitlariga qarab belgilanadi: ochiq maydonda asosiy poya 1-1,5 metr, qulay sharoitlar tugʻilganda 3 metrgacha, issiqxonalarda 5 metrgacha oʻsadi. Poyasi ingichka (diametri 0,5 cm kam) va qalin (0,5 cm dan koʻp) boʻlishi mumkin. Kalta palakli bodring navlari odatda tezpishar, mevasi nisbatan kalta, vegetatsiya davri qisqaligi bilan xarakterlanadi. Naviga qarab bodring oʻsimligi sust, oʻrtacha va kuchli barglangan turlarga boʻlinadi.

Barglari poyada navbatma-navbat joylashadi. Barg plastinkasi butun, yuzasi tekis yoki ajinli, barg qirrasi ham odatda tekis. Shakli naviga qarab yomoloq panjasimon yoki oval panjasimon boʻlishi mumkin.

Ildiz tizimi sterjensimon, kuchli tarmoqlanadi. U 1 metrgacha oʻsuvchi asosisy ildiz va koʻp sonli qoʻshimcha ildizlardan tashkil topgan. Tuproqdan oziq moddalar eritmasini soʻrish kabi fiziologik funksiyani tukchalar bilan qoplangan kichik soʻruvchi ildizlar amalga oshiradi. Ildiz tizimining asosiy qismi tuproqning 20-25 cm qatlamida rivojlanadi, ildizning yon tomonga tarqalib oʻsish radiusi 1,5 metrgacha bo’lishi mumkin. Yuqori namlikda asosiy va yon shoxlari tuproqqa tegsa qoʻshimcha ildizlar hosil boʻlishi mumkin.

Bodringning koʻpchilik nav oʻsimliklari bir uyli ikki jinsli, yani erkak va urgʻochi gullar bitta oʻsimlikning oʻzida joylashgan boʻladi. Erkak gullari poyada odatda 5-7 ta boʻlib, toʻp gul hosil qiladi, bir uyli bodring navlarida kooʻpchilik xollarda erkak gullarning soni urgʻochi gullarnikiga nisbatan koʻp boʻladi. Urgʻochi gullar poyada 1 ta yoki juft, ayrim xollarda 3 ta boʻlib joylashadi. Asosan urgʻochi gullar hosil qiluvchi bodring navlari oldiga changlanish uchun etarli darajada erkak gullar hosil qiluvchi navlar birga ekiladi. Gultojibarglari yorqin sariq rangli, erkak gullarida 5 ta changchi boʻlib shundan 4 tasi juft xolda bittasi yakka holda boʻladi. Bodring gullari koʻp yashamaydi: erkak gullari 1-2 kundan soʻng, urgʻochi gullar esa gullagandan keyin 3-4 kundan keyin soʻlib qoladi. Faqatgina changlangan urgʻochi gullaridan meva hosil boʻladi, changlanmaganlari toʻkilib ketadi. Bodring chetdan changlanuvchi oʻsimlik hisoblanadi. Partenokarpik navlarida gullari changlanishga muxtoj emas, ammo bunday gullardan meva hosil boʻlsada, mevalarida urugʻ boʻlmaydi.

Bodring mevalari soxta rezavor boʻlib, 3-5 urugʻ kameralari hosil qiladi. Shakli, rangi, oʻlchamlari va vazni navlariga qarab oʻzgaradi. Bodringning pishmagan barra mevalari isteʼmol qilinadi. Naviga qarab sirti tekis, notekis yoki cho’tir bo’lishi mumkin. Meva uzunligi barraligida 5-70 cm gacha, rangi yashi yoki to’q yashil boʻlishi mumkin, biologik pishganida esa meva kattalashadi, rangi och sariq, toʻq sariq yoki jigar rang tusga kiradi. Mevalari biologik pishganida urugʻlik deb yuritiladi. Bitta mevada 100-400 tagacha urugʻ hosil boʻladi. Urugʻlari uzunchoq-ovalsimon, oq tusli och sariq rangli, 1000 tasining vazni 16-35 gramm keladi. Unuvchanligini 6-8 yilgacha saqlaydi. 2-3 yillik urugʻlari yahshi hosil beradi.

Bodring palagi va mevasi
Bodring gajaklari
Bodring mevasi va uning ko'ndalang kesimi

Biologik xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bodring issiqsevar oʻsimlik. Urugʻi unib chiqishi uchun minimal harorat 12-13C, harorat past boʻlganda esa urugʻlar boʻrtsada, unib chiqa olmaydi, oqibatda tuproq ichida chirib ketishi mumkin. Maqbul sharoitlarda, yani 25-30C urugʻlar 5-6 kunda unib chiqadi. Bodring oʻsimligi oʻsib rivojlanishi uchun maqbul kunduzgi harorat 25-32C, kechasi esa 16-18C. Kunduzi harorat 12-15C dan pasayganda oʻsishi sustlashadi, chang hosil bo'lishi qiyinlashadi, barglari kichrayadi. Past haroratli sharoitlarning uzoq davom etishi barglarining sargʻayishi, ildiz tizimi faoliyatining sustlashishi va ohir-oqibatda oʻsimligining nobud boʻlishiga olib kelishi mumkin. Tuproq harorati ham bodring oʻsishiga taʼsir ko'rsatadi. Tuproq harorati 16C dan past bo'lganida ildizning tuproqdan suv va mineral moddalarni so'rishi sustlashadi, ildiz atrofi patogen mikroflorasi (Phythium va boshalar) rivojlanadi. Yuqori hararotlar (40C<t) ham bodring oʻsimliklariga salbiy taʼsir koʻrsatadi, ammo ular qondirib sugʻorilsa va yorugʻlik nurlari etarlicha boʻlsa oʻsib, meva hosil qilaveradi. Yuqori harorat va havoning namligi past boʻlgan sharoitlarda ayniqsa koʻp suv talab qiladi. Bodring qisqa kun oʻsimligi, ammo hozirda uning uzun kun sharoitlarida oʻsa oladigan issiqxonalar uchun navlari yaratilgan. Bodring tuproq namliga va havoning nisbiy namligiga juda talabchan ekin turidir. Tuproqda namlik etishmasa oʻsishi sustlashadi, kunduz kuni barg turgori yo'qolishiga (so'lishiga), asosan erkak gullar paydo boʻlishiga va mevalarida achchiqlik paydo boʻlishiga olib keladi. Shuningdek tuproqning keskin nam boʻlishi, masalan tuproqning suvga boʻkib qolishi ham qisqa muddat ichida bodring oʻsimligining nobud boʻlishiga olib keladi. Vegetasiya davrining davomiyligiga qarab ertapishar, oʻrta-ertapishar va kechki navlarga boʻlinadi. Ertapishar navlar unib chiqqandan soʻng 32-48 kunda, oʻrta-ertapishar navlar 50-55 kunda, kechkilari esa 55-70 kunda meva tugib boshlaydi.

Yetishtirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hind bodringi
Asosiy bodring etishtiruvchi davlatlar – 2010
(tonna)
Xitoy bayrogʻi Xitoy 40,709,556
Eron bayrogʻi Eron 1,811,630
Turkiya bayrogʻi Turkiya 1,739,190
Rossiya bayrogʻi Rossiya 1,161,870
AQSH bayrogʻi AQSh 883,360
Ukraina bayrogʻi Ukraina 860,100
Ispaniya bayrogʻi Ispaniya 682,900
Misr bayrogʻi Misr 631,408
Yaponiya bayrogʻi Yaponiya 587,800
Indoneziya bayrogʻi Indoneziya 547,141
Dunyoda jami 57,559,836


Agrotexnikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bodiring ko'p suv talab qiladigan o'simlik hisoblanadi. Asosan o'simlikni yoshligida ko'chat atroflari yumshatiladi. Bodiring yotib o'suvchi o'simlik shu sabab 90x25 sxemada ekish maqsadga muvofiq...

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Doijode, S. D. (2001). Seed storage of horticultural crops. Haworth Press. ISBN 1-56022-901-2 p. 281
  2. Renner, SS; Schaefer, H; Kocyan, A (2007). "Phylogenetics of Cucumis (Cucurbitaceae): Cucumber (C. sativus) belongs in an Asian/Australian clade far from melon (C. melo)". BMC evolutionary biology 7: 58. doi:10.1186/1471-2148-7-58. PMID 17425784. PMC 3225884. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=3225884. 
  3. Cucumis hystrix. Newstrackindia.com (2010-07-21). Retrieved on 2012-11-25.