Bibliografiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Universitet kutubxonasi

Bibliografiya (yunoncha: biblion kitob va… grafin) — matbuot hamda yozuv asarlari haqida axborot tayyorlash va berish hamda ularni maʼlum ijtimoiy maqsadlarda targʻib qilish bilan shugʻullanadigan ilmiy va amaliy faoliyat sohasi. Bibliografiya mahsulotlari, nazariyasi, tarixi, faoliyatini tashkil etish va uslubiyati bilan shugʻullanadigan fan Bibliografiya fani deb ataladi. Bibliografiya taraqqiyotini turli xil bibliografik maʼlumotnoma adabiyotlarini tuzadigan maxsus tashkilotlar (Bibliografiya xizmati) tizimi taʼminlaydi.

Bibliografiya tuzish qadimgi dunyoda paydo boʻlgan (jumladan miloddan avvalgi 3-asrda Aleksandriya kutubxonasida Kallimax rahbarligida tuzilgan bibliografik jadval). „B.“ termini dastlab kitob koʻchirib yozishni anglatgan, vaqt utishi bilan (17-asr oʻrtalaridan) kitoblar bayonini biddiradi. Bibliografiya tarixi kitob bosish yuzaga kelishi bilan boshlandi. Bosma asarlarning barcha turlari, qoʻlyozmalar, ijtimoiy ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan eng yangi qoʻlyozmalar (dissertatsiyalar, saqlashga topshirilgan qoʻlyozmalar) B.ning oʻrganish sohasidir. Texnika taraqqiyoti, mikrofilm, ovoz yozish (gramplastinka) va boshqalarning paydo boʻlishi, matn yozishning oʻzgarishi B. koʻlamini kengaytirmoqda. Bibliografiya taraqkiyotiga fan va madaniyat yutuqlari, jamiyatning qiroatxonlik talabining oʻsishi katta taʼsir etadi. Oʻz navbatida B. ham ilmiy, adabiy va texnik ijodiyotga, nashriyot va kutubxonashunoslikka, kitob savdosi, taʼlim va mustakil taʼlimga taʼsir koʻrsatadi. Bibliografiya bosma asarlarni.anikdash, saralash va izoxlash bilan fan taraqqiyoti yutuklarini jamlashga va keyingi tadqiqotlarga zamin yaratadi, madaniyat rivojiga ayrim shaxs, xalq yoki mamlakatning qoʻshgan hissasini oʻzida aks ettiradi; masalani oʻrganishga oid zarur tarixiy asarlarni koʻrsatadi. Kutubxonalarda toʻplangan yoki yangi bosmadan chiqqan bosma asarlarni targʻib qilib, Bibliografiya alohida ilmiy muhit, siyosiy, falsafiy va estetik qarashlarni tarqalishiga, shuningdek texnikaviy malakani oshishiga taʼsir etadi. Bibliografiya ilmiy va texnika xabarlari bilan yakin aloqada. Ulardan farqli oʻlaroq, ilmiy nazariya, gʻoya, dalillar haqida emas, balki ular haqidagi bosma asarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib, ilmiy xabar bilan birga ilmiy, maʼrifiy va tarbiyaviy vazifani bajaradi.

Koʻpgina mamlakatlarda, jumladan Oʻzbekistonda ham bosma asarning majburiy (kontrol) nusxasi joriy qilingan boʻlib, shu asosda bosma asarni hisobga olish, soʻng kitobxonlarga moʻljallab saralash yoʻlga qoʻyilgan. Bosma asarlarni ularning ilmiy va gʻoyaviy ahamiyati, shuningdek mazmunini yoritib guruhlarga ajratish muhim ahamiyatga ega. Bosma asarlar turlar (kitoblar, davriy nashrlar va boshqalar), rasmiy belgilar (alfaviti, nashr joyi yoki sanasi), mazmuni (mavzu, fan va tarmoklar) boʻyicha guruxlanadi. Bu bosma asarlarni guruhlarga ajratishning umumiy asosidir, bibliograflar har bir alohida hollarda oʻzlarining tarmoklar rejasini yaratadi. Bosma asarlarning tavsifnomasi muhim ahamiyatga ega. Uning asosiy qismi tasvirlash boʻlib, unga muallif familiyasi, asar sarlavhasi, sarlavhachasi, nashr joyi, nashriyot nomi, nashr vaqti (yili), hajmi (sahifa va bezaklar soni), zarur boʻlganda adadi, narxi va boshqa haqidagi maʼlumotlar kiradi. Tasvirlash elementlari, odatda, oʻrnatilgan qoidalar, shuningdek standartlar asosida belgilanadi. Bosma asarlar mazmuni tavsifnomasining asosiy shakllari — annotatsiya, referat, guruh axborot (obzor).

Ijtimoiy vazifasiga koʻra, davlat B.si, ilmiy yordamchi B. va tavsiya B.siga; mazmuniga koʻra, umumiy, soha va mavzuli Bibliografiyaga boʻlinadi. B.ning alohida turini bibliografiya bibliografiyasi, biobibliografiya (shaxs Bibliografiyasi) va oʻlkashunoslik B.si tashkil etadi. Bu boʻlinish nisbiydir. Nashr shakliga koʻra, bibliografik qoʻllanmalar, bibliografik jurnallar, byulleten, gazeta, kitob va maqolalar koʻrsatkichlari va adabiyotlar roʻyxati kabilar farqlanadi.

Turkistonda bibliografiya ishi 9 — 15-asr[tahrir | manbasini tahrirlash]

lardayoq rivojlana boshlagan. Fan va adabiyotimizning yirik vakillari (Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va boshqalar)ning asarlarida saroy kutubxonalari tomonidan oʻz jamgʻarmalarining B. ruyxati va ularni tasnif kilish ishlari olib borilganligi haqida maʼlumotlar bor. Jumladan, Beruniy „Fihrist kutub Muhammad ibn Zakariyo arRoziy“ („Muhammad ibn Zakariyo arRoziy kitoblarining roʻyxati“) nomli Muhammad ibn Zakariyo Roziy ijodiga oid B. tuzadi. Koʻrsatkichda Roziyning 184 asarining roʻyxatini berish bilan birga Beruniyning 1036-yilgacha yozgan 113 asarining roʻyxati ham keltiriladi. B. qoʻllanmalari tuzish keyingi davrlarda ham davom etdi: Ibn Abdullahab Yoqutning „Ismlar lugʻati va fanlar mazmuni“ (12-asr); Xoja Xalifaning „Kitob va fan nomlaridagi shubxaning bartaraf etilishi“ (18-asr) va boshqa

Turkistonni Rossiya bosib olgandan keyin B. bilan rus bibliograflari (N. V. Dmitrovskiy, V. I. Mejov va boshqalar) shugʻullangan. 20-asr 20 — 30-yillaridan Bibliografiya ishiga jiddiy ahamiyat berila boshlandi va hozirgi kunda muhim davlat ishiga aylangan. 1926-yil dan Oʻzbekiston Respublikasi Kitob palatasi, 1930-yildan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat kutubxonasi B. boʻlimining tashkil qilinishi oʻzbek milliy B.sining rivojlanishiga zamin yaratdi. Oʻzbek tilida tuzilgan dastlabki koʻrsatkich S. Dolimov va F. Ubaydullayevning „Mukammal ilmiy bibliografiya“ (1934) asari boʻlib, unda 3 ming kitobning tavsifi berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi milliy kitob palatasi respublika davlat B.sining asosiy markazidir. OʻzRda Bibliografiya ishi bilan, shuningdek Oʻzbekiston Davlat kutubxonasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi asosiy kutubxonasi va boshqa kutubxonalar ham shugʻullanadi. B.ishiga oid ilmiy ishlar asosan Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining „Bibliografiya“ kafedrasida olib boriladi.

Musa Turopov, Hamroxon Mamatraimova.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil