Barokko

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Barokko (ital. barocco — ajib, gʻalati) — 16-asr oxiri — 18-asr oʻrtalarida Yevropa va Amerika sanʼatidagi asosiy uslublardan biri. Yevropada millat va milliy davlatlar jadal shakllanayotgan davrda Uygʻonish davri badiiy madaniyati va subyektiv his-tuygʻularni ifodalovchi manyerizm oʻrniga vujudga keldi. Aristokratiya va cherkov bilan bogʻliq boʻlgan barokko sanʼati ularning shon-shuhratini oshirishga hamda targʻib etishga qaratilgan edi. Barokko sanʼatiga antifeodal chiqishlar, milliy ozodlik harakatlari oʻz taʼsirini koʻrsatib, unga demokratik isyonkorlik ruhini kiritdi. Dabdabaga moyil boʻlgan barokko dunyoning yaxlitligi, cheksizligi, murakkab va rang-barangligi, doimiy oʻzgaruvchanligi haqidagi yangi tasavvurlarni, insonni oʻrab turgan muhit va boshqalarga boʻlgan qiziqishlarni aks ettiradi; unga keskinlik, obrazlarning harakatchanligi, his-tuygʻular kurashining shafqatsizligi, tantana va ulugʻvorlikka harakat, mavjud borliq bilan xayoliy orzuni uygʻunlashtirish, sanʼatlar uygʻunligiga intilishlar xos.

Barokko uslubida qurilgan meʼmoriy majmualar fazoviy yechimi, mayda meʼmoriy bezaklarga moʻlligi va yagona gʻoyaga boʻysunishi bilan ajralib turadi. Meʼmorlar shahar koʻcha va maydonlariga, u yerdagi mavjud qurilishlarga ulugʻvorlik berish uchun turli optik va boshqa qonunlarga murojaat qiladilar, teskari perspektiva qonunlaridan foydalanadilar. Tasviriy sanʼatda diniy, mifologik va majoziy mavzulardagi bezak mujassamotlar, tantanavor dabdabali portretlar keng oʻrin egallaydi.

Barokko Italiyada shakllanib rivojlandi. Meʼmor va haykaltarosh L. Bernini, meʼmor F. Borromini, G. Gvarini, rang-tasvirchi demokratik realizm yoʻlboshchisi Karavajo, akademizm yoʻlboshchisi aka-uka Karrochilar, devoriy rang-tasvir ustalari J. B. Tyepolo va boshqa shu sanʼat rivojiga katta hissa qoʻshdi. Flandriyada P. P. Rubens, A. van Deyk, Ya. Yordane, F. Snayders ijodida B. toʻlaqonli va hayot haqiqatiga yaqin holda rivojlansa, Ispaniya, Portugaliya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida mahalliy hayot va anʼanalar taʼsirida oʻziga xos yoʻnalishni shakllanishini taʼminladi. Fransiyada klassitsizm bilan uygʻunlikda oʻziga xos jimjimadorlik kasb etdi. Rossiyada 18-asr 1-yarmida Petr I islohotlari va dvoryan monarxiyasining mustahkamlanib borishi bilan rivojlandi. Peterburg, Moskva shaharlari, shahardan tashqarida yaratilgan shoh va zodagonlarning uy va saroylarida shu davr ruhi oʻz ifodasini topdi: Petr I saroyi (Petergof), Sarskoye Selo (Pushkino shahri), Peterburgdagi qator saroy, monastir va soborlar (Qishki saroy, Smolniy monastiri va boshqalar) shular jumlasidan. Meʼmorlardan V. Rastrelli, D. Uxtomskiy, S. Chevakinskiy va boshqalarning hissasi katta. Tasviriy sanʼatda dunyoviy mavzular, davlat arboblarining tantanavor, koʻtarinki ruhdagi dabdabali portretlarida oʻz ifodasini topdi. K. Rastrelli haykaltaroshlik asarlari, I. Nikitin, A. B. Antropov rang-tasvirlari shular jumlasidan.

Barokko Italiyada rivojlanib Yevropaga keng yoyildi. Keyinroq esa yevropaliklar bosib olgan qitʼa va mintaqalarga ham bu sanʼat taʼsiri kirib bordi. Amerika, Osiyo, Avstraliyada barokko usulida yaratilgan asarlarning mavjudligi shundan. Oʻrta Osiyoda rus istilosidan keyin qurilgan meʼmorlik majmualarida, jumladan saroy, sobor va monastirlar binolarida shu sanʼatiing taʼsiri va belgilari mavjud.

Barokko musiqada asosan musiqali teatr turlarida (ayniqsa opera janrida), shuningdek cholgʻu kamer (concert, grosso, sonata) va organ asarlarida namoyon boʻldi. Barokkoning eng yorqin namoyandalari G. Gendel, J. Gabriyeli, O. Freskobaldi, K. Monteverde, D. Bukstexude, I. Bax va boshqa barokko uslubi bilan bir paytda klassitsizm uslubi ham rivoj topdi.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil