Ayiqlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ayiq

Ayiqlar (Ursidae) — yirtqichlar turkumiga mansub sut emizuvchilar oilasi. Eng yirik yirtqichlar, boshi katta, bo‘yni qisqa va yo‘g‘on. Panjalari kuchli rivojlangan, tovonida yuradi. Dumi kalta, kalin juni orasida deyarli sezilmaydi. Ko‘pchilik A. o‘simlikxo‘r yoki aralash oziqlanadi. Ayiqlar odamga tegmaydi. Faqat oziq tanqis bo‘lganida, keksa va yarador ayiqlar odam uchun xavfli hisoblanadi. Oq ayiq esa haqiqiy yirtqich bo‘lib, odam uchun xavfli. A. ning 4 uruqqa mansub 7 turi mavjud. Qo‘ng‘ir ayiq (Ursus arctos) Yevropa, Osiyo, Shimoliy Afrika va Amerikaning o‘rmonli o‘lkalarida tarqalgan. Tanasining uz. 2,5 m, og‘irligi ba’zan 750 kg ga yetadi. O‘zbekistonning tog‘ o‘rmonlarida oqtirnoqli qo‘ng‘ir ayiq (U. arctos leuconyx) uchraydi. Qo‘ng‘ir ayiq okt,— noyabrdan mart — apr.gacha daraxtlar kovagi, toshlarning ostidagi kovaklarda, tabiiy chuqur joylar yoki o‘zi qazigan iniga tushib qishki uyquga ketadi. Urg‘ochilari uyada 2—3 ta, ba’zan 1 yoki 4 ta nimjon bola tug‘adi. Qora ayiq, Himolay ayig‘i (U. thibetanus)ning tanasi birmuncha kichik va xipcharoq, quloqlari yirik, juni qora, faqat ko‘kragining oldingi tomonida tasmaga o‘xshash oq juni bo‘ladi. Sharqiy va Jan.-Sharqiy Osiyoning ara-lash va keng bargli subtropik urmonlarida yashaydi. Qora ayiq ham qo‘ng‘ir ayiq singari mevalar, o‘simliklarning barglari va yosh novdalari, turli hasharotlar va hayvonlarning murdalari b-n oziqlanadi. Oq ayiq (U. maritimus) Arktika muzliklarida yashaydi, asosan tyulenlar, hayvonlarning murdalari b-n oziqlanadi. Qishda uxlamaydi. Tanasining uz. 3 m, og‘irligi 750 kg gacha keladi. Baribal (Euarctos americanus) Shimoliy Amerikada tarqalgan, juni silliq, tanasining uz. 1,5—1,8 m, og‘irligi 120—150 kg ga yetadi. Janubiy Osiyoning tropik va subtropik o‘rmonlarida Malayziya ayig‘i (Helarctos malayanos), Hindiston va Seylonda labdor ayiq (Melursus ursinus), Janubiy Amerikada ko‘zoynakli ayiq (Tremaratus ornatus) uchraydi. Ko‘pchilik ayiklar mo‘ynasi va yog‘i uchun ovlanadi. Lekin barcha turlarining soni keskin kamayib ketayotganligi tufayli aksari mamlakatlarda muhofaza qilinadi. A. ning 5 turi Xalqaro Qizil kitobga, qo‘ng‘ir ayiq O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bogdanov O. P., Redkiye jivot-nie O'zbekistana, T., 1991;
  • Naumov S. P., Umurtqali hayvonlar zoologiyasi, T., 1995.