Astronomik soatlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Astronomik soatlar – Astronomik kuzatishlarda qoʻllaniladigan aniq va xatosiz yuradigan soatlar. Vaqtni katta aniqlik bilan bilish astronometriyada va amaliy astronomiyaning bir necha boʻlimlarida juda zarur hisoblanadi. Qadim zamonlardan to 15-asr gacha astronomiya va boshqa ehtiyojlar uchun quyosh, qum va suv soatlaridan foydalanib kelingan. Mexanizmli soat astronomiyada birinchi marta 1484-yilda qoʻllanilgan. 1647-yilda Gyuygens (Gollandiya) mayatnikli soatlarni ixtiro qilgandan soʻng ular astronomiyaga ham joriy etildi. Bunday soatlardan 20-asr oʻrtalarigacha astronomik rasadxonalarda foydalanib kelindi. Dengizda suzish va aviatsion astronomiyada mayatnikli soatlardan foydalanib boʻlmaslik xronometrii ixtiro etishga olib keldi. Uning aniqligi mayatnikli soatlarnikidan kam. Eng koʻp tarqalgan mayatnikli Astronomik soatlar „Rifler“, „Short“, „Etalon“ soatlarini koʻrsatish mumkin.

20-asr 40–50-yillarida astronomiyada kvars soatlari va keyinroq atom soatlari qoʻllanila boshlandi. Mayatnikli soatlarda tebranish davrining oʻzgarmas boʻlishini mayatnik bajarsa, kvars soatlarida kvarsdan tayyorlangan plastinkaning pyezoelektrik tebranishi, atom yoki molekulyar soatlarda esa atomlarning molekuladagi harakati (masalan, azot atomining ammiak molekulasidagi davriy tebranishi) boshqaradi. Atom soatlarining aniqligi 10-9 – 10-10 sek. Atom soatlarining 00 soat 00 minut 00 sekundi joylardagi har bir sutkaning boshlanishiga aniq mos tushishi shart. Bu masala osmonda oldindan tanlab olingan bir necha oʻn yulduzning joylardagi meridiandan oʻtish vaqgini maxsus passaj asbobi yordamida aniqlab hal etiladi.

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida yuqorida nomlari keltirilgan soatlarning har qaysisidan bor. Ulardan „oʻz vazifasini bajarib“ boʻlganlarining noyoblari mazkur institutda tashkil etilgan muzeyda saqlanmoqda[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]