Arxeopteriks

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Arxeopteriks, arxeornis, dastlabki qush (Archaeopteryx) — qushlarning eng qadimgi, qirilib ketgan urugʻi, kaltakesakdumlilar (Saururae, yaʼni Archaeoruithes) kenja sinfiga ki-radi. Zagʻizgʻon kattaligidagi bitta turi (A. lithographica) maʼlum. A. patlarining izi dastlab 1860-yil, toʻliq skelet qoldigʻi esa 1861-yil Bavariya (Germaniya)da yura qatlamidan topilgan. U Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Hozir A.ning 5 ta skeleta maʼlum. A. tuzilishida sudra-lib yuruvchilarga (2 chekka yoyi, miyasi kichik boʻlishi, tishlarining alveollarda joylashganligi, qorin qovurgʻalarining amfitsel tipda tuzilganligi, 20 ta umurtqadan iborat dumi boʻlishi, muguz tumshugʻi boʻlmasligi va boshqalar) va qushlarga xos belgilar boʻlishi (pat qoplami, qanotlari qoqish patlarining uzun va asimmetrik tuzilganligi, oyoqlarining suyaklari qisman pnevmatik xususiyatga ega boʻlishi) filogenetik jihatdan sudralib yuruvchilar bilan qushlarning oʻzaro bogʻliqligini koʻrsatadi. A.ni oʻrganish asosida evolyutsiyaning mozai-kligi toʻgʻrisida tasavvur paydo boʻlgan. Koʻpchilik olimlar A.ni qushlarning dinozavrlardan, ikki oyoqli timsohlar yoki psevdozuxitlardan kelib chiqqan be-vosita ajdodi deb hisoblashadi. Biroq ayrim tadqiqotchilarning fi-kricha — A. sudralib yuruvchilardan ke-lib chiqqan yon tarmoq boʻlib, ulardan qushlar kelib chiqkan boʻlishi mumkin. A. uchish qobiliyatiga ega boʻlmagan, shoxdan-shoxga yoki yerga sakraganida qanotlaridan, shoxlarda oʻrmalaganida qanotidagi tirnoqlaridan foydalangan. Aning qoldiqlaridan biri arxeornis (Archaeornis siemensi) alohida urugʻ va tur sifatida yozilgan. Lekin koʻpincha barcha topilmalar bitta turga kiritiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil