Abdulla Qodiriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulla Qodiriy

Abdulla Qodiriy (1894—1938) Abdulla Qodiriy yangi davr oʻzbek adabiyotining asoschilaridan bin, oʻzbek milliy romanchilik maktabining tamal toshini qoʻygan buyuk adibdir. U 1894-yil 10-aprelda Toshkentda bogʻbon oilasida tugʻilgan. 9-10 yoshlarida eski usul maktabda tahsil koʻradi. Soʻng rus-tuzem maktabida oʻqiydi. 17-18 yoshlarida bir savdogarga prikazchilikka yollanib, uch-toʻrt yil ishlaydi. Soʻng bogʻbonlik bilan tirikchilik oʻtkazadi. Abdulla Qodiriy ijodi 1913—1914-yillarda boshlandi. U shu yillari barcha ilgʻor fikrii yoshlar qatori jadidchilik harakatiga qoʻshilgan va oʻzining ilk asarlarida maʼrifat, millat taraqqiyoti va hurligi gʻoyalarini targʻib eta boshlagan. Qodiriy dastlab maʼrifiy sheʼrlar yozdi. «Ahvolimiz», «Millatimiz», «Toʻy» kabi sheʼrlari jadid matbuotida eʼlon qilinadi. 1915-yili u Behbudiyning «Padarkush» fojiasi taʼsirida «Baxtsiz kuyov» pyesasini yozadi. Soʻng oʻzi «milliy roʻmon» deb atagan «Juvonboz» hikoyasini yaratadi. Bu asarlar ham avvalo maʼrifatparvarlik qarashlari mahsuli boʻlib, jamiyatdagi chirkin illatlar va qoloq urf-odatlarni keskin tanqid qilishga yoʻnaltirilgan.

Abdulla Qodiriy (asosiy taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (1894.4.10-Toshkent-1938.10.4) - 20-a. yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi; 20-y.lardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Bogʻbon oilasida tugʻilgan. Otasi Qodirbobo (1820—1924) xon, beklar qoʻlida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida (1865) Toshkent mudofaasida qatnashgan. Otasi boshidan oʻtgan sarguzashtlar A.Q.ning qator asarlari, xususan tarixiy romanlarining yuzaga kelishida muhim rol oʻynagan. A.Q. musulmon maktabida (1904— 06), rus-tuzem maktabida (1908—12), Abulqosim shayx madrasasida (1916— 17) taʼlim oldi; Moskvadagi adabiyot kursida (1925—26) oʻqidi. Yoshligidanoq qad. Sharq madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topgan; arab, fors va rus tillarini oʻrgangan. Jahon adabiyotini ixlos bilan mutolaa qilgan. Oilasi kambagʻallashganligi sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qildi (1907—15). 1917 y. Okt. davlat toʻntarishidan soʻng Eski shahar oziqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), "Oziq ishlari" gaz.ning muharriri (1919), Kasabalar shoʻrosining sarkotibi (1920), "Mushtum" jur. tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi (1923—26). A.Q. ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910y.larning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. "Sadoi Turkiston" gaz.ning 1914 y. 1 apr. sonida A.Q. imzosi bilan "Yangi masjid va maktab" sarlavhali xabar bosiladi. Bu boʻlajak adibning matbuotdagi dastlabki chiqishi edi. Oradan koʻp oʻtmay, uning "Toʻy", "Ahvolimiz", "Millatimga", "Fikr aylagil" kabi sheʼrlari, "Baxtsiz kuyov" dramasi, "Juvonboz" hikoyasi chop etiladi (1914—15). A.Q. ijodining dastlabki namunalari boʻlgan bu asarlar millatparvarlik, maʼrifatparvarlik ruhida yozilgan boʻlib, jadidchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgandir. Muallif unda xalqning zabun holatidan kuyib soʻzlaydi, millatni uygʻonishga daʼvat etadi, fikrlashga chorlaydi. A.Q.ning "Uloqda" hikoyasi (1916) avvalgi asarlari bilan tenglashtirib boʻlmaydigan darajada yuqori boʻlib, 20-a. tongidagi oʻzbek realistik adabiyotining choʻqqisi, realistik hikoyaning eng yaxshi namunasi hisoblanadi.

A.Q.ning 1917 y. Okt. toʻntarishidan keyingi faoliyati asosan matbuot bilan bogʻlangan. Uning 1919—25 y.lar oraligʻida yozgan maqolalari soni 300 atrofida. A.Q.ning publitsistik chiqishlari avvalo oʻsha davrning tarixiy hujjati, zamonasining solnomasi. 20-y.lar oʻrtalarida yozilgan "Kalvak Mahzumning xotira daftaridan", "Toshpoʻlat tajang nima deydir?" satirik hikoyalar turkumida yozuvchi kulgusi "harakter kulgusi" darajasiga koʻtarildi. Muallif bunda hayotdagi, odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodisalarni sof mafkuraviy nuqtai nazardan turib, nuqul biryoqlama qoralash, fosh etish yoʻlidan bormay, harakter va hodisalarni xolis turib, murakkabligi, ziddiyatlari bilan koʻrsatishga jazm etadi.

A.Q. shoʻro hokimiyatining dastlabki yillarida qizgʻin jurnalistik faoliyati bilan barobar oʻzbek adabiyotidagi birinchi roman — "Oʻtgan kunlar"ni yaratdi (1919—20). Romandan boblar 1922 y. "Inqilob" jur.da eʼlon etildi. 1924—26 y.lari har bir boʻlimi alohida-alohida kitob holida bosildi. "Oʻtgan kunlar" yaratilgan davr oʻzbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi oʻrni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. A.Q. mamlakatimiz taraqqiyparvar ziyolilari safida turib ona yurtning , millatning taqdiri ustida astoydil qaygʻurdi, oʻzicha najot yoʻlini izladi. Avvaliga u bolsheviklarning yolgʻon vaʼdalariga ishondi, ammo adib bu vaʼdalar qogʻozda qolib ketayotganini, yovuz mustamlaka siyosati mohiyat-eʼtibori bilan oʻzgarmay qolayotganini, munofiqona tus olayotganini, el orasida buzgʻunchilik, fitna, sinfiy-mafkuraviy adovat avj oldirilib, birodarkushlik urushi boshlanib ketganligini, shoʻrlik xalq bu qonli siyosatning qurboni boʻlayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Ayniqsa, Qoʻqon muxtoriyatining tor-mor etilishi koʻpgina hur fikrli ziyolilar qatori A.Q.ning qalbini larzaga soldi. Adib "Oʻtgan kunlar" romani orqali xalqning milliy ongini uygʻotmoqchi boʻldi, "tariximizning eng kir, qora kunlari" — yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi "xon zamonlari" — 19-a. oʻrtasidagi mudhish tarixiy jarayonlar haqida soʻz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi boʻldi.

"Oʻtgan kunlar" romanining maʼnomundarija doirasi nihoyatda keng . Unda xilma-xil insoniy taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy, oilaviyishqiy muammolar qalamga olingan. Biroqular orasida yurtning , millatning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin elyurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning pafosini tashkil etadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, faravonligi, osoyishtaligi yoʻliga hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilardir. "Oʻtgan kunlar" bamisoli ulkan va tiniq koʻzgu, unda oʻzbek millatining muay-yan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, boʻy-basti, qiyofasi keng koʻlamda aniq-ravshan gavdalantirilgan. "Oʻtgan kunlar", bir qarashda, anʼanaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning ishqiy sarguzashtlari, fojiasi juda katta mahorat bilan tasvir etilgan. Asardagi ishqiy sarguzashtlar kitobxonni hayajonga soladi, Otabek bilan Kumushning goʻzal baxtini barbod etgan omillar kishini chuqur oʻyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni — Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Qodiriy ishqiy sarguzashtlar koʻrinishida oʻlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʻzaro ichki nizolardir degan fikrni gʻoyat ustalik bilan aytadi. Garchi romanda adib shaxs harakteri va qismatini muhit, sharoit, ijtimoiy muammolar bilan chambarchas aloqadorlikda tasvir va taxlil etsada, inson shaxsining muhit va sharoitga bogʻliq boʻlmagan tugʻma, sirli-sehrli gʻaroyib shevalariga ham eʼtiborni tortadi. Bu jihatdan bir oila, bir xil sharoitda tugʻilib voyaga yetgan sajiya-harakter, surat va siymo vajidan ikki olam — egachisingil Zaynab va Xushroʻybibi obrazlarining talqini gʻoyat ibratlidir. Biri mute, itoatkor, nuqul oʻzgalar izni bilan ish koʻradi; ikkinchisi esa dadil, mustaqil, oʻz baxti va taqdiri uchun faol kurash olib boradi. Yozuvchi bu ikki shaxs harakteriga xos tugʻma xususiyatlarni shargʻlash b-ngina cheklanmaydi, bunday hislatlarning oʻsha kimsalar, qolaversa oʻzgalar taqdiriga koʻrsatgan taʼsiri, fojeiy oqibatlarini ham ifoda etadi. Oʻzini boshqalar ixtiyoriga topshirib qoʻygan Zaynab shu ojizligi tufayli oʻz baxtiga zomin boʻlibgina qolmay, yana oʻsha ojizligi tufayli oʻzgalar qutqusi orqasida beixtiyor jinoyatga qoʻl uradi — Kumushga zahar beradi. Mustaqillik, dadillik — yaxshi hislat, biroq unga xudbinlik aralashsa baloi azimga aylanishi mumkin. Xushroʻybibi oʻz baxti uchun kurashadi; shaxsiy manfaatlari yoʻlida hech narsadan qaytmaydi; birovlarning koʻz yoshlari hisobiga, oʻzgalarning baxtiqaroligi evaziga oʻz baxtini tiklaydi. Romandagi Oʻzbek oyim obrazi ham nihoyatda tabiiy va goʻzal siymolardan biridir. Dumbul tabiat bu ayol oʻgʻli Otabek, qolaversa kelinlari — Kumush, Zaynab taqdirlarining chigʻallashib ketishi, oxiri fojiaga yuz tutishida bosh sababchi ekani ayon. Biroq har qancha gunohkor boʻlmasin, oʻta andishali adib uni keskin qoralashga tili bormaydi. Nima boʻlganda ham, Oʻzbek oyim, baribir ona... Ayni paytda rostgoʻy, realist yozuvchi onaning pala-partish, dovdir xattiharakatlaridan, tabiatidagi ayrim kamchiliklaridan koʻz yumib oʻtolmaydi. Bu borada adibga xalqona yumor qoʻl keladi. Bu obraz tasviri boshdan-oyoq ajib serjilo — ham kinoya-kesatiqgarga, ham ardoq-mehrga toʻla yumor bilan yoʻgʻrilgan. Xullas, "Oʻtgan kunlar" romani toʻqima qahramonlarning hayotiylik kasb etishi va tarixiy voqealarga uygʻunligi jihatidan ham, mujassamot butunligi va tilidagi nafosati jihatidan ham oʻzbek adabiyoti xazinasidagi durdonalar qatoridan oʻrin olgandir. "Oʻtgan kunlar" oʻzbek adabiyotida ilk roman boʻlishining oʻzi b-noq ilgari bosilgan katta qadam edi. Unda realizmning asosiy tamoyillari yuqori badiiy saviyada amalga oshirildi. Roman, umuman, oʻzbek adabiyotida yetuk realizmga asos soluvchilik rolini oʻynadi.

A.Q. ikkinchi yirik asari "Mehrobdan chayon"ni 1928 y. fev.da yozib tugatdi. Roman 1929 y. Samarqandda bosilib chiqdi. Garchi bu roman mavzui ham 19-a. hodisalari — "xon zamonlari" davridagi oʻzboshimchaliklarni koʻrsatishga qaratilgan boʻlsada, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli. Asarni "Mehrobdan chayon" deb atash, ziyoli ulamolarni qahramon qilib tanlashdan murod muqaddas dargoh — sajdagohdan chiqqan, oʻsha dargohga nomunosib munofiq, qallob, tuban kimsalarga, hasadgoʻy, eʼtiqodsiz kishilarga ishoradir. Romanda Anvar bilan Raʼnoning sevgi sarguzashti, qalb nazokati shoirona tarannum etilgan. Maktabdor Solih mahdumning yumoristik obrazi adabiyotshunoslikda yozuvchining jiddiy yutugʻi, kashfiyoti sifatida eʼtirof qilingan.

Garchi "Mehrobdan chayon"da davr zugʻumi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari koʻrinsada, amalda realizm mavqeida turgan, tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Yozuvchining "Mehrobdan chayon"dagi realistik mahorati Solih maxdum obrazida juda yorqin namoyon boʻlgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching , kinoya-kesatiq, hajv orqali maxdum tabiatiga xos "maqtab boʻlmaydigan" xususiyatlarni batafsil koʻrsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning "hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik" fazilatini ham taʼkidlaydi: "nima boʻlganda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlariga sababchi ustozlardan". Romandagi Anvar bilan Raʼno obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik — aql-zakovat, doʻstga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yoʻlidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-soʻzlar bir qadar kitobiy, shoirona... Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Raʼnodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan hislatlar, ularning "gʻayritabiiy" xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab koʻrgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik gʻoyalarini oʻzlari uchun chin eʼtiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bogʻliq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham maʼlumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi toʻgʻrisidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr kurgan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Ogʻacha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, oʻrdadagi qullar haqidagi aniq maʼlumotlar asarda salmoqli oʻrin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar oʻqiyotganday boʻlasiz. Yozuvchi baʼzan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, oʻyin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili boʻlib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas, "Mehrobdan chayon" hayot haqiqatini "orttirmay va kamitmay" oʻz holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, harakterlar olamini, ruhiyatini oʻziga xos ohanglar, boʻyoqlar vositasida kashf etib bergan oʻxshashi yoʻq badiiy obidadir.

A.Q.ning tarixiy romanlari 20-y.

lardagi yangi oʻzbek adabiyoti oldida turgan murakkab gʻoyaviy-badiiy muammolarning juda koʻpini yechib berib, adabiy taraqqiyotning tezlanishiga xizmat etdi. Keyinroq oʻzbek adabiyotining atokli vakillari qatoriga koʻtarilgan Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor A.Q. ijodining katta taʼsiri ostida yetuk yozuvchi boʻlib yetishdilar. A.Q. ijodining milliy adabiyotlarga taʼsirini tojik, turkman, qozoq va qirgʻiz adabiyotining S. Ayniy, M. Avezov, X. Deryayev, Ch.Aytmatov singari yirik vakillari ham qayta-qayta qayd etishgan. Nemis adabiyotshunoslari N.Tun, I. Baddauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, Xristofor Murfi, asli eronlik amerika olimi Eden Nabi A.Q. ijodi boʻyicha jiddiy ishlar qilganlar. A.Q. ijodidagi chuqur mazmunni jozibador va ravshan shaklda ifoda eta olish, hayotdan yirik va sal-moqli voqealarni tasvir uchun tanlay olish, hayotdagi dramatik vaziyatlarga eʼtibor, shaklning ixchamligi va katta prozada ortiqchaliklardan xoli ifodaning ustunligi, soʻzning maʼnoga mosligi va yorqinligi, hammadan ham muhimi — kishilar harakteridagi muhim xususiyatlarni koʻra olish va tasvir eta bilish yosh adabiy avlod uchun doimo ybrat namunasi boʻlib kelmoqda. Oybek aytganidek, "Oʻtgan kunlar" romanida yozuvchi til ustida katta mahorat koʻrsatadi. Romanning tili haqiqatan boy, boʻyoqli, sodda, ifoda kuchi zoʻr, ommaga anglashilarlik bir tildir. Oʻzbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz, katta. A.Q. yosh adabiy avlodni doimo jahon realistik adabiyotidan oʻrganishga chaqirar, oʻzi ham jahon klassiklarini mutolaa etish va ularning asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilish jarayonida realizm ustalaridan oʻqib-oʻrganib borar edi. Adib oʻz kasbi haqida toʻxtalib shunday degan edi: "Yozuvchiliqda bir qonun bor: hammadan ilgari maʼno, undan soʻng shu maʼnoni ifoda qilish uchun soʻz qurish, soʻzgina emas, sanʼatkorona, yaʼni shundogʻ soʻzki, aytmoqchi boʻlgan fikringizning ifodasi uchungina maxsus yaratilgan boʻlib, yasama boʻlmasin. Mana shu shartni bajarib, bu jihatdan taʼmin etilgach, boshqa masalalarga oʻtishga haq olgan boʻlasan...".

A.Q. 30-y.lardagi murakkab sharoitda ham ijodni davom ettirdi. 1934 y. qishloq hayotidan "Obid ketmon" qissasini yozdi. Asardagi Obid obrazi oʻzbek adabiyotidagi noyob hodisa. Uni oʻzbek xalqining mehnat, dehqonchilik madaniyati bobidagi yetukligi timsoli, deyish mumkin. Yozuvchi bu obraz tasvirida oʻsha davrda odat tusiga kirgan tor "sinfiylik" doirasidan ancha chetga chiqib, umuminsoniy qadriyatlarni ardoklash yoʻlidan boradi; xolis turib q.x.ni jamoalashtirish harakatining bir qancha tomonlarini haqqoniy koʻrsatdi; ichki muammo — ziddiyatlarni ochib berdi, k-z tuzumi oxir-oqibatda odamlardagi tashabbusni, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuygʻusini soʻndirishligini aytdi. Qodiriyning mazkur qissasini oʻzbek adabiyotidagi birinchi "ishlab chiqarish" qissasi, Obidni esa birinchi ishbilarmon odam obrazi deyish mumkin. A. Q bu oʻrinda iqtisod, xoʻjalik masalalarining bilimdoni, tadqiqotchisi sifatida ham koʻrinadi; asar bosh qahramonining harakteri, ruhiy olami asosan mehnatda, xoʻjalik ishlarida ochiladi.

A.Q. zukko tilshunos, zabardast tarjimon sifatida ham katta ishlar qildi. U tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning "Fizika" (1928), Gogolning "Uylanish" (1935), A.P. Chexovning "Olchazor" (1936) asarlarini oʻzbekchaga tarjima qildi. Qozonda bosilgan "Toʻla ruschaoʻzbekcha lugʻat"ni (1934) tuzishda ishtirok etgan.

A.Q. asarlari, ayniqsa romanlari, jahon miqyosida tez tarqaldi. "Oʻtgan kunlar" ozarbayjon tilida 1928 y.da, "Mehrobdan chayon" tojik tilida 1935 y.da, "Obid ketmon" rus tilida 1935 y.da nashr etildi. Shundan buyon bu asarlar rus, qozoq, uygʻur, tatar, arab, italyan, ingliz, nemis va b. tillarda qayta-qayta nashr etilib kelayotir.

A.Q.ning 44 yillik umri, 20 yillik ijtimoiy va ijodiy faoliyat davri keskin kurashlar, taʼqibu tahdidlar ichida oʻtdi. Rostgoʻy adib shuro dav-ri haqidagi badiiy asarlarida, publitsistikasida shoʻro voqeligiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib koʻrsatishga jazm etdi. Ammo uning bu urinishlari birin-ketin zarbaga uchray boshladi. 1926 y. "Mushtum"da bosilgan "Yigʻindi gaplar" hajviyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun "aksilinqilobiy harakat qilganlik"da ayblanib qamoqqa olinadi, turli boʻhtonlar bilan sudlanadi. Sudda u mardona turib oʻz shaʼnini himoya qiladi. "Obid ketmon" qissasi ham shoʻro mafkurachilariga maʼqul kelmaydi, keskin tanqidga uchraydi; "ideologik buzuqliklar va xatolar"ga toʻla, "siyosiy tutruqsiz" asar sifatida baholanadi. Yozuvchining tarixiy romanlari esa asosiy pafosi — millat taqdiri, birligi, el-yurt qaygʻusi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi tufayli ham hukmron mafkuraga zid asarlar boʻlib chiqdi. Millat ruhini yorqin aks ettirgan, xalqning , oʻzga millat kitobxonlarining sevimli asarlariga aylangan bu romanlar shoʻro davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida bot-bot qoralandi. 30-y.lar oʻrtalariga kelib, bu mashʼum kampaniya avjiga chiqdi. Nihoyat, A.Q. 1937 y. 31 dek. kuni hibsga olindi. 9 oylik qamoqdagi soʻroq-tergov, qiynoq, xoʻrlikdan soʻng Choʻlpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etildi. Qodiriy hibsga olingach, asarlari "zararli" sanalib oʻtda yoqildi, kutubxonalardan yoʻqotildi, ularni oʻqish taqiqlandi. A.Q. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), "Mustaqillik" ordeni bilan taqdirlandi (1994). Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Toshkent madaniyat in-tiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bogʻiga, katta koʻchalardan biriga, respublikamizdagi koʻplab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. "Oʻtgan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1996, 1973) va koʻp seriyali telefilmlar yaratilgan. Oilalarda farzand tugʻilsa, A.Q. romanlari qahramonlari nomlarini qoʻyish rasm boʻldi. Eng muhimi, A.Q., uning hayoti, ijodi haqidagi bor haqiqatni aytish, yozish, asarlarini asl holida "tahrirsiz" chop etish uchun yoʻl ochildi.

Ac: Toʻla asarlar tuplami [6 jildli], 1-jild, T., 1995; [Oʻtgan kunlar. Mehrobdan chayon. Roʻmonlar.], T., 1992; Obid ketmon. T., 1960; Kichik asarlar, T., 1969; Gʻirvonlik Mallavoy, T., 1987.

Adabiyot[tahrir]

  • Oybek, Asarlar [19 jildli], 16-jild (Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli), T., 1979; Qodiriy H., Otam haqida, T., 1983; Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida, T., 1988; Boqiy N., Qatlnoma, T., 1992; Qoʻshjonov M., Oʻzbekning oʻzligi, T., 1994; Normatov U., Qodiriy bogʻi, T., 1995; Normatov U., "Oʻtgan kunlar" hayrati, T., 1996. Umarali Normatov, Bahodir Karimov.[1]

1916-yilda yozilgan «Uloqda» hikoyasi A.Qodiriy ijodida badiiy izlanishlar rivojini koʻrsatadigan muhim hodisalardandir. 1917-yil fevral va oktabr voqealaridan keyin A.Qodiriy hayotida ham, ijodida ham oʻzgarishlar roʻy berdi. U shoʻro idoralarida ishladi. «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida adabiy xodim, «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan boʻldi. Moskvada V.Brusov nomidagi jurnalistlar institutida tahsil oldi. A.Qodiriy 1925—1926-yillarda «Oʻtgan kunlar» romanini eʼlon qiladi. Bu toʻlaqonii realistik ilk oʻzbek romani boʻlib, Qodiriyning jadidona siyosiy qarashlari yuksak badiiy ifodasini topgan asar edi. 1928-yili yozuvchi «Mehrobdan chayon» romanini eʼlon qildi. Bu roman ham adibga katta shuhrat keltirdi. Bundan tashqari, A.Qodiriy «Obid ketmon» qissasining, «Toshpoʻlat tajang nima deydi?», «Kalvak maxzumning xotira daftaridan» turkum satirik hikoyalarining, rus va gʻarb adabiyotidan oʻgirilgan qator tarjimalarning ham muallifidir.

Abdulla Qodiriy 1937-yil soʻnglarida hibsda olinib, 1938-yil 4-oktabrda Toshkentda Boʻzsuv boʻyida qatl etiladi.

Literature.uz[tahrir]

Abdulla Qodiriy oʻzbek milliy romanchiligining asoschisi, publitsist, hajv ustasi, tilshunos va tarjimon.

U 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tugʻildi. Avval musulmon maktabida (1904—1906), keyin rus-tuzem maktabida (1908—1912), Abulqosim shayx madrasasida (1916—1917) taʼlim oldi. Oilaviy sharoit taqozosi bilan bolalikdan mahalliy savdogarlarga kotiblik qildi (1907—1915). 1917 yil Oktyabr davlat toʻntarishidan soʻng Eski shahar oziqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), «Oziq ishlari» gazetasi muharriri (1919), Kasaba uyushmasi sarkotibi (1920) lavozimlarida ishladi. 1923 yili «Mushtum» jurnalini taʼsis etdi, bir necha yil jurnal tahririyatida xizmat qildi. Moskvadagi adabiyot kursida (1925—1926) oʻqidi. 1919—1925 yillar oraligʻida matbuot nashrlarida 300 dan ortiq maqolalar eʼlon qildi. Umrining oxirigacha tinimsiz ijod bilan shugʻullandi.

Abdulla Qodiriy 1937 yil 31 dekabr kuni hibsga olindi. 1938 yil 4 oktyabrida Choʻlpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etildi.

Abdulla Qodiriy. Oʻtgan kunlar 1914—1915 yillarda Abdulla Qodiriyning «Ahvolimiz», «Toʻy», «Millatimga», «Fikr aylagil» kabi sheʼrlari, «Juvonboz», «Uloqda», «Jinlar bazmi» kabi hikoyalari, «Baxtsiz kuyov» dramasi bosilib chiqdi. Oʻzbek adabiyotidagi birinchi roman «Oʻtgan kunlar»ni yaratdi (1919—1920). Asar 1922 yili «Inqilob» jurnalida, 1924—1926 yillarda har bir boʻlimi alohida-alohida kitob holida bosildi. 1918 yil fevralida ikkinchi yirik romani — «Mehrobdan chayon»ni yozib tugatdi. Roman 1929 yili Samarqandda bosilib chiqdi. 1934 yili adib «Obid ketmon» qissasini yozdi.

Abdulla Qodiriy tilshunos va tarjimon sifatida ham katta ishlar qildi. U tatar fizik olimi Abdulla Shinosiyning «Fizika» (1928), N.V. Gogolning «Uylanish» (1935), A.R. Chexovning «Olchazor» (1936) asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Qozonda bosilgan «Toʻla ruscha-oʻzbekcha lugʻat»ni (1934) tuzishda ishtirok etdi.

Qodiriy 20-yillarning oʻrtalarida yozgan «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpoʻlat tajang nima deydir?» hajviy asarlarida bid’at va xurofotni qoraladi. Ularda xalqning yashash tarzi va ruhiy olamini oʻzgartirishga intilgan jadid adabiyoti maqsad va gʻoyalari oʻz ifodasini topgan.

Maʼrifatparvarlik, millat ozodligi va istiqlol gʻoyalari Abdulla Qodiriy asarlarining leytmotivini tashkil qiladi.

Abdulla Qodiriy asarlari, ayniqsa, romanlari jahon miqyosida keng tarqaldi. Uning «Oʻtgan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» asarlari rus, ingliz, nemis, italyan, arab, ozarbayjon, tojik, qozoq, uygʻur, tatar tillariga tarjima qilingan. Nemis adabiyotshunoslari N. Tun, I. Baldauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, Xristofor Murfi, Eden Nabi kabi olimlar Abdulla Qodiriy ijodi boʻyicha jiddiy ishlar qilganlar.

OʻzMU professorlari U. Normatov, M. Qoʻshjonov, B. Karimovlar Qodiriy hayoti va ijodi boʻyicha samarali ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.

1991 yili Oʻzbekiston mustaqillikka erishishi bilanoq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʻra Abdulla Qodiriyga Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1994 yili adib «Mustaqillik» ordeni bilan taqdirlandi. Shu yili Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etildi. Toshkent Madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bogʻiga, katta koʻchalardan biriga, Xalq merosi nashriyotiga hamda koʻplab madaniyat muassasalariga Abdulla Qodiriy nomi berilgan.

Nashr qilingan asarlari[tahrir]

  • Abdulla Qodiriy. Toʻla asarlar toʻplami, 1-jild. Sheʼrlar. Hikoya va ocherklar. Hajviyalar. T.: Fan, 1995.
  • Abdulla Qodiriy. Oʻtgan kunlar. Mehrobdan chayon (romanlar). T., 1992.

Abdulla Qodiriy internetdagi elektron kutubxonalarda[tahrir]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir]

  • Qoʻshjonov M. Abdulla Qodiriyning tasvirlash sanʼati. T.: Fan, 1966.
  • Qoʻshjonov M. Oʻzbekning oʻzligi. T., 1994.
  • Mirzaev I. Abdulla Qodiriyning ijodiy evolyutsiyasi. T.: Fan, 1977.
  • Qodiriy H. Otam haqida. T., 1983.
  • Normatov U. Qodiriy bogʻi. T., 1995.
  • Karimov B. 20 asr oʻzbek adabiyotshunosligida talqin muammosi (Qodiriyshunoslik misolida). FFD dissertatsiyasi, T., 2002

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil