Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbek Adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi

Choʻlpon (taxallusi; asl ismsharifi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Yunusov) (1898, Andijon — 1938.4.10, Toshkent) — shoir, yozuvchi, dramaturg , tarjimon, tanqidchi va jamoat arbobi. Dastlab madrasada (1908—12), soʻngra rustuzem maktabida (1912— 14) oʻqigan. Sharq mumtoz shoirlari asarlarini mutolaa qilish va jadid matbuotini kuzatish yoʻli bilan adabiy, ijtimoiysiyosiy bilimini oshirgan. 1914 y. Toshkentga kelib, "Sadoi Turkiston" gaz. bilan hamkorlik qilgan. "Yangi Sharq", "Ishtirokiyun" (1920 y.dan "Qizil bayroq", 1922 y.dan "Turkiston") gaz.da adabiy xodim (1919—23), Xalq maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash (1921 y.dan Oʻlka oʻzbek bilim hayʼati, 1922 y.dan Ilmiy hayʼat)da rais (1920—23), "Buxoro axbori" gaz.da muharrir (1921—22), "Turon" teatrida direktor (1921; 1922—23), "Mushtum" jur. va "Darxon" gaz.da texnik muharrir, adabiy xodim (1922—23), Oʻzbek drama studiyasi (Moskva, 1924— 27) va Oʻzbek davlat drama teatrida adabiy emakdosh (192731), SSSR XKS va Sharq xalqlari markaziy nashriyotida tarjimon (Moskva, 1931—34), "Mushtum" va "Guliston" jur.lari hamda "Teatru" gaz.da adabiy xodim (jamoatchilik asosida, 1935—37).

Adabiy ijodi 1913—14 y.larda Andijonning ijtimoiy va madaniy hayoti haqida xabarlar yozish bilan boshlangan. 1914 y. Toshkentda M.Abdurashidxonov va U.Xoʻjayev bilan tanishish Ch.ning milliy uygʻonish harakati namoyandasi sifatida shakllanishida muhim omil boʻlgan. Ch. "Sadoi Turkiston" gaz.da dastlabki "Turkistonli qardoshlarimizga" sheʼri, "Qurboni jaholat", "Doʻxtir Muhammadyor" hikoyalari va "Adabiyot nadir?" maqolasini eʼlon qilib (1914), shu davr adabiyoti namoyandalari safidan oʻrin egallagan. Turkiston aholisining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy qolokdik sharoitida yashayotganining asosiy sababini Rossiyaning mustamlakachilik siyosatida koʻrgan Ch., boshqa jadidlar qatori, oʻz asarlari bilan xalqning madaniy va maʼrifiy saviyasini koʻtarishga kirishgan.

1917 y. Fevral inqilobining roʻy berishi taraqqiyparvar ziyolilar dunyoqarashini oʻzgartirib yubordi. Ular, shu jumladan, Ch. mustaqillik uchun kurash endi targʻibiytashviqiy davridan amaliy faoliyat bosqichiga oʻtganini angladilar. Ch. Turkiston muxtoriyat hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etib, muxtoriyatni sharaflovchi "Ozod turk bayrami" sheʼrini yozdi va bu sheʼr oʻzbek davlatchiligi tarixida ilk madhiya boʻldi. Shu davrda Turkistondagi koʻp millatli ziyolilar oʻrtasida federalizm gʻoyasi keng tarqalgani sababli Ch. ayni paytda Z.Validiy bilan birga Orenburgga borib, Boshqirdiston muxtoriyat hukumatining tashkil etilishida ham ishtirok etdi. Federalistlarning fikrlariga koʻra, Turkiston va Volga boʻyidagi turkiy xalqlar oʻz muxtoriyat hukumatlarini barpo etganlaridagina bu xukumatlarning bolsheviklar tomonidan tan olinishi va birgalikda himoyalanishi mumkin edi.

Muxtoriyat tugatilgach, Ch. "Ilmiy kengash", "Chigʻatoy gurungi", "Nashri maorif" tashkilotlari va "Turon" teatrida adabiy, ilmiymaʼrifiy ishlar bilan mashgʻul boʻldi. Ayni paytda shoʻro davlatining mustamlakachilik siyosati oqibatlarini fosh etuvchi sheʼr va maqolalar yozish bilan istiqlol uchun kurashda davom etdi. Ammo respublika madaniyat xodimlarining 2qurultoyi (1927)dankeyin Ch.ga qarshi boshlangan kurash uni siyosiy faoliyatdan uzoqlashishga, hatto 1931—35 y.larda Moskvaga qochib borib, musofirlikda yashashga majbur etdi.

CH. 1937 y. 14 iyul kuni hibsga olinib, koʻp oʻgmay, otib tashlandi.

CH.ning adabiy merosi sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiytanqidiy maqolalar hamda tarjimadan iborat.

CH.ning sheʼriy asarlari "Oʻzbek yosh shoirlari", "Uygʻonish" (1922), "Buloqlar" (1923), "Tong sirlari" (1926) va "Soz" (1935) toʻplamlarida, shuningdek, turli gaz. va jur.larda eion qshshngan. Ular gʻoyaviytematik yoʻnalishiga koʻra 2 guruhga ajraladi: sof lirika va ijtimoiysiyosiy lirika. Ishqiy kechinma va tabiat manzaralari tasvirlangan sheʼrlarida Ch. jahon lirik sheʼriyatining mumtoz vakillari darajasiga koʻtarilgan, Sheʼrlari lirik qahramonning boy va goʻzal ruhiy olamini, tabiat manzarasini, tabiatda kechayotgan jarayonlarni katta mahorat bilan aks ettirgan. "Goʻzal", "Sezgi", "Sirlardan", "Men shoirmi?" singari sheʼrlari bilan barmoq vazniga asoslangan yangi oʻzbek sheʼriyatini yuksak taraqqiyot bosqichiga olib chikdi. Barmoq vazni Ch. va Fitratning ijodiy izlanishlari bilan 20-y.larning boshlaridayoq yangi oʻzbek sheʼriyatining asosiy vazniga aylandi.

Tarixiy davr va tarixiy sharoit Ch.dan muhabbat va tabiat lirikasidan koʻra shu davrdagi oʻzbek xalqining ijtimoiysiyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvolini yaxshilashga qaratilgan asarlar yozishni taqozo etdi. Vatan va millat manfaati bilan yashagan shoir davrning shu talabi bilan bolsheviklar olib borgan siyosatning mustamlakachilik mohiyatini fosh etishga, xalqni zulm va zoʻravonlikka qarshi hurriyat uchun kurashga daʼvat etishga qaratilgan sheʼrlar yozdi ("Buzilgan oʻlkaga", "Xalq", "Vijdon erki", "Kishan" va b.). Ch. bu sheʼrlari bilan adabiyotning kurash quroliga aylanishi mumkiiligini isbotlab berdi. Shoirning yurak qoni bilan yozilgan bu sheʼrlari vatandoshlarida oʻzbek diyoriga otashin muhabbat, mustamlakachilarga nafrat, erk va hurriyat gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini tarbiyaladi. Agar Ch.ning "koʻngil lirikasi" anʼanalari keyinchalik Oybek, H.Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi va b. ijodida muvaffaqiyat bilan rivojlantirilgan boʻlsa, uning ijtimoiy mazmun bilan yoʻgʻrilgan sheʼriyati anʼanalari keyinchalik davom ettirilmay qoldi.

CH. isteʼdodiga xos lirik nazokat va nafosat shoir nasriy asarlarining ham oʻziga xosligini belgilab keladi. Ch. qaysi mavzuga murojaat etmasin, badiiy voqelikni poetik til va obrazlar orqali mujassamlantirishga erishdi. Shu maʼnoda uning 20-y.larda yozgan "Oydin kechalarda", "Qor qoʻynida lola", "Novvoy qiz" singari hikoyalari oʻzbek adabiyotidagi lirik nasrning dastlabki mumtoz namunalaridir. Ch. bu hikoyalarida oʻzbek xotinqizlarining ayanchli takdirini turli badiiy rejada tadqiq etar ekan, har bir jamiyatning taraqqiyot darajasi shu jamiyatning xotinqizlarga boʻlgan munosabati bilan. belgilanadi, degan gʻoyani bu asarlar osha "qizil ip" yangligʻ oʻtkazgan. Umuman, oʻzbek xotinqizlarining mustamlakachilik sharoitidagi taqdiri tasviriCh. sheʼriy ijodining ham, kichik epik asarlarining ham, "Kecha va kunduz" (1936) romanining ham asosiy gʻoyaviy yoʻnalishini belgilab bergan.

CH. nasriy ijodining muhim qismini publitsistika tashkil etadi. U "Yoʻl esdaligi", "Vayronalar orasidan" kabi qator ocherk va publitsistik maqolalarida 20-y.lardagi mustamlaka oʻlka hayotining mudhish manzaralarini tasvirlagan. Ch. bu asarlarida realistik tasvir sanʼatini mukammal egallagan yozuvchi sifatida gavdalanadi. Ch. yozuvchilik mahoratining shunday qirralari "Kecha va kunduz" romanida, ayniqsa, yorqinroq aks etgan. Ch. Abdulla Qodiriy bilan birga oʻzbek adabiyotida realistik roman va hikoya janrlarining taraqqiyot tamoyillarini belgilab berdi.

CH.ning dramaturgiya sohasidagi dastlabki izlanishlari 1919 y.ga oid. U shu yili "Temirchi", "Gunoh", "Choʻrining isyoni" singari kichik sahna asarlarini yozdi. 20-y.larning boshlarida esa Ch.ning "Yorqinoy", "Xalil farang", "Oʻldiruvchi" (1921), "Sevgi va saltanat", "Choʻpon sevgisi" (1922) pyesalari maydonga keldi (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan). Ch. "Turon" teatriga direktorlik qilgan y.larida sahna sanʼati va dramaturgiya "sir"larini, shuningdek, rus tilini puxta egallagani tufayli 1924 y. Moskvada tashkil etilgan oʻzbek drama studiyasiga adabiy emakdosh etib yuborildi. U hali rus tilini bilmagan vatandoshlariga moskvalik mashhur artist va rejissyorlarning maʼruzalarini tarjima qilib berishdan tashqari, oʻzi ham studiyachilar uchun sahna asarlari ("Yorqinoy", "Yana uylanaman", "Qorovul uyqusi" (L.Sverdlin bilan hamkorlikda), "Uzun quloq bobo")ni yozib, rus va yevropa dramaturglarining pyesalari (K.Gotssi, "Malikai Turondot", N.V.Gogol, "Tergovchi", V.N. Bill Belotserkovskiy, "Labbay", Molyer, "Xasis")ni tarjima qilib berdi. Ch. 1927 y.da Moskva va Boku drama studiyalari qatnashchilari bazasida Oʻzbek davlat namuna truppasi (1929 y.dan Oʻzbek davlat teatri) tashkil etilgach, mazkur truppa (teatr) ning adabiy emakdoshi sifatida faoliyat olib bordi. Shu davrda uning kishilar va jamiyat hayotidagi nuqsonlarni hajv etuvchi "Mushtumzoʻr", "Hujum" (V.Yan bilan hamkorlikda, 1928), "Oʻrtoq Qarshiboyev" (1929) kabi pyesalari sahna yuzini koʻrdi. Ch. ayni paytda teatr tarjimoni sifatida ham samarali ijod qilib, K.Goldonining "Ikki boyga bir qarol", Lope de Veganing "Qoʻzi bulok", U.Shekspirning "Hamlet", F.Shillerning "Bosmachilar", BillBelotserkovskiyning "Poʻrtana", S.Levitinaning "Hukm", A.Faykoning "Portfelli kishi", V.Tretʼyakovning "Naʼrangni tort, Xitoy!", Vs. Ivanovning "14—69 raqamli zirhli poyezd" pyesalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ch. adabiy emakdosh, dramaturg va tarjimon sifatida M.Uygur bilan birga professional oʻzbek teatriga tamal toshini qoʻydi.

CH.ning adabiyot va sanʼat masalalariga bagishlangan faoliyati kichikkichik maqolalardan iborat boʻlsada, ularning ayrimlari dasturiy ahamiyatga ega. Ch. 1914—15 y.larda yozgan "Adabiyot nadir?" va "Muhtaram yozuvchilarimizga" maqolalari bilan adabiyot va sanʼatning xalq va jamiyat oldidagi vazifasini, tarbiyaviymaʼrifiy ahamiyatini aniq belgilab berdi. U oʻzbek va xorijiy xalklar adabiyoti namoyandalari ("Marhum Tavfiq Fikrat", "Ikki yuqotish", "Rizo Tavfiqbek", "Tagor va tagorshunoslik", "Ulugʻ hindi", "Joʻrj Dandon", "Katta maktab egasi", "Uvaysiy", "Ustodning xislatlari"), teatr va musika sanʼati ("Abo Muslim", "Iblis", "Shayx Sanʼon", "Oydin", "Malikai Turondot", "Meyerxold teatri", "Tursunoy sahnada", "Ashulaga ishkiboz", "Qiziqlar", "Otabola sanʼatkor", "Bazmcholgʻu toʻdasi", "Ukraina bandurachilari"), til ("Shohnoma"ning turkcha tarjimasi", "Tilimizning ishlanishi") va tarjima ("Tarjima toʻgʻrisida jindak", "Soʻz, soʻz, suz") masalalariga bagʻishlangan maqolalari bilan 20-y.

larda adabiy tanqid, sanʼatshunoslik, tilshunoslik va tarjimashunoslik sohalarining paydo boʻlishi va shakllanishiga katta hissa qoʻshdi.

CH. adabiy merosining salmokli kismini tarjima asarlar tashkil etadi. U Moskvada yashagan yillarida moddiy ehtiyoj orqasida koʻpgina oʻtkinchi asarlarni tarjima qilishga majbur boʻldi. Lekin shu bilan birga Ch. A.S.Pushkin ("Boris Godunov", "Dubrovskiy"), N.V.Gogol ("Tergovchi"), I.S.Turgenev ("Choʻri qiz"), I.Franko ("Million", "Feruza"), L.Andreyev ("Gubernator", "Osilgan yetti kishining hikoyasi"), A.P.Chexov ("Qochoq"), A.M.Gorkiy ("Ilgaklar", "Ona") singari rus va b. xalklar adabiyotining mumtoz asarlarini ham katta mahorat bilan tarjima qilib, zamonaviy milliy tarjima maktabiga asos soldi. Ch. tarjimasidagi U.Shekspirning "Hamlet" tragediyasi oʻzbek tarjima sanʼatining shoh namunasidir.

CH. shoʻro davlatining doimiy tazyiqi va nazorati ostida yashagani sababli uning koʻplab qoʻlyozmalari oʻgʻirlandi. U 1937 y.da "xalq dushmani" sifatida ayblanib, qamoqqa olinishi arafasida va keyin ham barcha qoʻlyozma asarlari kuydirib tashlandi. Shunga qaramay, Ch.dan bizga qadar yetib kelgan 10 jild hajmdagi original va tarjima asarlar oʻzbek xalkining katta madaniy va maʼnaviy boyligidir.

Oʻzbekiston mustaqil respublika deb eʼlon kilingach, Ch.ning oʻzbek madaniyatini rivojlantirish va xalq ommasini istiqlol goyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qoʻshgan hissasi yuksak baholandi. Ch.ga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va "Mustaqillik" ordeni (1999) berildi. 1997 y. Ch.ning 100 yilligi keng nishonlanib, Andijonda Choʻlpon uymuzeyi tashkil etildi, Tillar ped. inti va litsey Ch. nomi bilan ataddi. Oʻzbek milliy akademik drama teatrida Ch. xayoti va ijtimoiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi "Kunduzsiz kechalar" (Usmon Azim asari) spektakli sahnalashtirildi.

Manbalar[tahrir]

  • Yana oldim sozimni, T., 1991; Asarlar [3 j.li], 1—2j., 1999; Adabiyot nadir, T., 1993.

Adabiyot[tahrir]

  • Sharafiddinov O., Choʻlpon, T., 1991; Karimov N., Choʻlpon, T., 1991; Choʻlponning badiiy olami, T., 1993; Sharafiddinov O., Choʻlponni anglash, T., 1994; Quronov D., Ruhiy dunyo tahlili, T., 1994; Karimov N., Istiqlolni uygʻotgan shoir, T, 2000; Karimov N., Choʻlpon (maʼrifiy roman), T., 2003.

Naim Karimov.


Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon yangi oʻzbek sheʼriyatining asoschilaridandir. Choʻlpon 1897-yili Andijon shahrida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Choʻlpon boshlab eski maktabda, soʻng madrasada oʻqiydi. Andijondagi rus-tuzem maktabida taʼlim oladi. Sharq adabiyoti, arab, fors tillarini oʻzlashtiradi, rus tili va adabiyotini oʻrganadi. Choʻlpon 10-yillarning oʻrtalaridan ijtimoiy va ijodiy faoliyat bilan shugʻullana boshlaydi. U «Qalandar», «Andijonlik», «Choʻlpon» taxalluslari bilan matbuot nashrlarida maqola, sheʼr va turii xabarlar bilan chiqib turadi.

Uning «Doʻxtir Muhammadyor», «Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar», «Adabiyot nadir?» kabi ilk hikoya va maqolalarida hamda oʻnlab sheʼrlarida Jadidchilik gʻoyalarining oshkora ifodalanganini kuzatishimiz mumkin. Shoirning qisqa umri davomida «Tong sirlari», «Uygʻonish», «Buloqlar» kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. Uning teatr sohasida qilgan ishlari ham alohida eʼtiborga sazovor. Choʻlpon oʻzbek davlat drama teatrida adabiy emakdosh vazifasida ishlash bilan birga oʻnga yaqin pyesalar, teatr maqolalari yaratgan, uning «Yorqinoy», «Oʻrtoq Qarshiboyev», «Choʻrining isyoni», «Mushtumzoʻr», «Zamona xotuni» kabi sahna asarlari oʻzbek dramaturgiyasi taraqqiyotiga niuhim hissa boʻlib qoʻshildi.

Choʻlpon «Kecha va kunduz» nomli roman eʼlon qilib, oʻzbek romanchiligi rivojiga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Bu asarida xalqimizning asr boshlaridagi hayoti manzaralarini tasvirlar ekan, istibdod vajaholat millatning taraqqiyotini va hurligini boʻgʻuvchi manfur hodisalar ekanini badiiy aks ettiradi. Oʻzbek adabiy tarjima maktabining rivojianishida ham Choʻlponning beqiyos hissasi bor. U M.Gorkiyning «Ona» romani, A.S.Pushkinning «Dubrovskiy», «Boris Godunov» hamda Shekspirning «Hamlet» tragediyasini va yana oʻnlab xorijiy asarlarni oʻzbek tiliga mohirlik bilan oʻgiradi. Choʻlpon bufun ongli hayoti davomida oʻz Vatanining ozodligi, erki, kelajagi uchun qaygʻurdi va yonib sheʼrlar yozdi, turii janrlarda asarlar yaratdi. U 1928-yildan boshlab to umrining oxirigacha tazyiq ostidayashadi, chunki uning butun ijodidamilliy gʻoyaqizil ip boʻlib oʻtgan. U mustabid tuzum ostida ezilib yotgan millatni, xalqni kuylar edi. Lekin tazyiqlar nihoyatda kuchaygan bir sharoitda ham oʻz eʼtiqodidan qaytmadi. Ana shu eʼtiqodi va irodasi tufayli 1937-yil qatagʻon qurboni boʻldi.

Choʻlpon 1938-yil 4-oktabrda Toshkentda Boʻzsuv boʻyida qatl etiladi.

Link:

Abdulhamid[tahrir]

Oʻzbek yangi sheʼriyatining asoschilaridan biri, dramaturg, nosir, publitsist va tarjimon.

Choʻlpon 1897-yili Andijonda tugʻilgan. Eski maktabda savod chiqargan. Keyin rus-tuzem maktabida oʻqigan. 1914-yili Toshkentga keladi va oʻz faoliyatini «Sadoi Turkiston» gazetasi bilan bogʻlaydi. Uning asarlari Orenburg, Ufa, Qozon va Bogʻchasaroyda chiqadigan gazeta va jurnallarda ham bosilib turgan. 1916—1917-yillarda Orenburgda yashaydi va u yerda boshqird hukumati mahkamasida kotib boʻlib ishlaydi. Soʻng Toshkentga qaytadi. 1920 yilgacha TurkRosTAda xizmat qiladi. 1920-yili Bokuda boʻlgan Sharq xalqlari qurultoyida qatnashadi. Oʻsha yili Fitrat taklifi bilan Buxoroga boradi va oʻzbek tilida chiqadigan «Buxoro axbori» gazetasiga rahbarlik qiladi. Bir yilcha ishlab Toshkentga qaytadi. Adabiyot va madaniyat ishlari bilan shugʻullanadi. 1924—1926-yillarda Choʻlpon Moskvada yashaydi. U yerda ochilgan Oʻzbek dramstudiyasiga rahbarlik qiladi.

Choʻlpon dastxati. Goʻzal sanʼatlar.[tahrir]

Shundan keyin jadidlarga qarshi boshlangan kompaniya Choʻlponni ham chetlab oʻtmadi. Taʼqib va tazyiqlarga qaramay, u qizgʻin ijodiy faoliyat bilan shugʻullandi. 30-yillarning boshida yana Moskvaga ketadi va SSSR Markaziy Ijroiya Komitetida tarjimon boʻlib ishlaydi. Choʻlpon 1937-yil 14-iyulda qamoqqa olinadi va 1938-yil 4-oktyabrda otib oʻldiriladi.

Choʻlponning «Oʻzbek yosh shoirlari» (1923), «Goʻzal yozgʻichlar» (1925), «Adabiyot parchalari» (1926) majmualarida chop etilgan sheʼrlari, oʻz sheʼrlari asosida nashr qilingan «Uygʻonish» (1922), «Buloqlar» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) kabi toʻplamlari yangi oʻzbek sheʼiyati taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

Uning «Kecha va kunduz» (1936) romani, «Doʻxtur Muhammadyor» (1914), «Qor qoʻynida lola», «Novvoy qiz», «Oydin kechalarda» hikoyalari yangi davr oʻzbek nasri rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi.

Choʻlpon. Goʻzal Turkiston. Choʻlponning «Yorqinoy» (1920), «Xalil farang» (1921), «Choʻrining isyoni» (1926), «Yana uylanaman» (1926), «Mushtumzoʻr» (1928), «Oʻrtoq Qarshiboev» (1928), «Hujum» (1928) kabi dramalari uning dramaturg sifatida ham samarali ijod qilganligini koʻrsatadi.

Milliy istiqlol va ozodlik gʻoyalari Choʻlpon ijodining leytmotivini belgilaydi.

Choʻlpon Pushkinning «Dubrovskiy», «Boris Godunov» asarlarini, Gorkiyning «Ona» romani va «Egor Bulichev» peʼsasini, Lohutiyning «Evropa safari»ni, Gotsiyning «Malikai Turandot», Shekspirning «Hamlet» dramalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish orqali oʻzbek va jahon adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Choʻlpon ijodi bilan OʻzMU professorlari O. Sharofiddinov, U. Normatov, N. Karimov, D. Quronov, B. Doʻstqoraevlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Choʻlponga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʻra Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. Uning «Kecha va kunduz» romani asosida videofilm yaratilgan.

Abdulhamid Choʻlpon asarlari xorijiy tillarda[tahrir]

Choʻlponning tanlangan asarlari birinchi marotaba rus tilida 2009-yil Moskvadagi Voskresenye nashriyotida chop etildi. Ushbu toʻplam uning «Kecha va kunduz» romani, «Yorqinoy» pesasi va 1915-1938-yillarda yaratilgan bir qator she'rlarini oʻz ichiga olgan. Tanlangan asarlar Hamid Ismoilov tomonidan tarjima qilingan.

Shu yilning o‘zida «Kecha va kunduz» romanining Stéphane A. Dudoignon tomonidan fransuz tiliga tarjimasi Fransiyada Bleu Autour nashriyotida chop etildi.

2008-yil Parijda chop etilgan Oʻzbekiston sheʼriyati antologiyasida («Anthologie de la poésie d'Ouzbékistan») Choʻlponning bir nechta sheʼrlari fransuz kitobxonlariga havola qilingan. Tarjilonlar Hamid Ismoilov va Jean-Pierre Balpe.

Nashr qilingan asarlari[tahrir]

  • Abdulhamid Choʻlpon. Kecha. T.: Oʻzdavnashr, 1936.
  • Choʻlpon. Yana oldim sozimni. T.: Adabiyot va sanʼat. 1991.
  • Choʻlpon. Adabiyot nadir. T.: Choʻlpon, 1994.
  • Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz. Birinchi kitob: Kecha. T.: Sharq, 1995 (XX asr oʻzbek romani).
  • Abdulhamid Choʻlpon. Goʻzal Turkiston. T.: Maʼnaviyat, 1997.
  • Choʻlpon. Asarlar. Uch jildlik. T.: Xazina, 1997—1998.
  • Абдулхамид Чулпон. И прозвучит еще мой саз, пер. с узбекского Хамидом Исмайловым, Москва: Воскресенье, 2009.
  • Tchulpân. Nuit, fransuz tilida, tarjimon va so‘zboshi muallifi Stéphane A. Dudoignon. Saint-Pourçain-sur-Sioule : Bleu autour, 2009; 464 bet (Collection «d'un lieu l'autre»).

Ilmiy manbalar[tahrir]

  • Sharafiddinov O. Choʻlpon. T.: Choʻlpon, 1991.
  • Sharafiddinov O. Choʻlponni anglash. T.: Xazina, 1994.
  • Karimov N. Choʻlpon. T.: Fan, 1991.
  • Choʻlponning badiiy olami (toʻplam). T.: Fan, 1994.
  • Murodov J.Cholpon haqida. T.: Ohangaron Hayoti Gazetasi, 2014