Buxoroyi sharif (gazeta)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Buxoroyi sharif"dan yoʻnaltirildi)
Buxoroyi sharif[1]

Gazetaning ilk soni
Asos solingan 1912-yil
Bosh muharrir S. Nazarov
Tili o'zbek
Bosh ofisi Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy
Vebsayt https://buxoroisharif.uz/

Buxoroyi sharif — jadidlar gaz. Kogon shahrida 1912-yil 11-martdan 1913 yil 2-yanvargacha tojik tilida chiqqan. Gazeta dastlab haftasiga 6-marta, keyin 3-marta nashr etilgan. Jami 153 soni chiqqan. „Buxoroyi sharif (gazeta)“ 1913-yil 12-yanvarda Rossiya bosh siyosiy boshqarmasi tomonidan taqiqlangan. Gazeta saxifalaridan islomiy ahkomlar, ilmfan, tijorat hamda iktisodiyot yangiliklari, maʼrifatni targʻib etuvchi maqolalar oʻrin olgan. „Buxoroyi sharif (gazeta)“da mahalliy shoir va yozuvchilar asarlaridan parchalar, jahon adabiyoti namunalari eʼlon qilingan. „Buxoroyi sharif (gazeta)“ ga ozarbayjon yozuvchisi va jurnalisti Mirzo Jalol muharrirlik, Mirzo Gʻaffor bosh kotiblik qilgan.

Gazeta „Tarbiyai atfol“ jamiyati aʼzolari boʻlgan Muhiddin Mansurov  hamda Mirza Siroj Hakimlarning tashabbusi bilan tashkil etilgan. Gazeta rahbari Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agentligida tarjimon vazifasida ishlayotgan Mirhaydarxoʻja Mirbadalov boʻlgan. Roʻznomaning birinchi soni 1912-yil 11-martda Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahrida bosmadan chiqqan. Gazeta chop etilganda tarkibi 4 sahifadan iborat boʻlgan. 1-betda muharririyat maqolasi, jahon va Oʻrta Osiyodagi yangiliklar, tafsilotlar aks etgan. 2- va 3-sahifalarda esa taniqli yozuvchilarning asarlari tarjimalaridan namunalar va unga tahririyatning munosabati,  jahon adabiyotidan namunalar, publitsistik maqolalar chop etilgan. Oxirgi sahifada asosan bildirishlar, eʼlonlar, savdo doʻkonlari manzillari deyarli har bir sonda bosilgan[2].

Gazetada Mirzo Siroj Hakim va Sadriddin Ayniy oʻzlarining publisistik maqolalari bilan doimiy qatnashgan.

„Buxoroyi sharif“ gazetasi tarjimachilik sohasida katta yutuqlarga erishgan. Roʻznomada Lev Tolstoyning „Bir-biringizni seving“, „Ilyos“, „Xitoy malikasi va Si Lin Chi“, „Ikki savdogar“, „Kavkaz asiri“, „Mehnatkash Emelyan va boʻsh baraban“ kabi asarlari bosilib chiqqan. Gazetaga muharrirlik qilish uchun Bokudan matbuot sohasida katta tajribaga ega boʻlgan Mirzo Jalol Yusufzoda taklif qilingan[3]. Roʻznoma 4 oy davomida Mirzo Jalol Yusufzoda muharrirligida nashrdan chiqqan.

Buxoro amirligi hududida nashr etilgan birinchi gazetalar „Buxoroyi sharif“ va „Turon“ amirlikda milliy demokratik gʻoyalarni targʻib qilish, savodxonlikni oshirish orqali asriy qoloqlikdan qutulish kabi mavzulardagi targʻibotchilik ishida, Buxorodagi jadidlarni birlashtirishda oʻrni katta boʻlgan.

Ushbu nashrlar kam sonli obunachilarga ega boʻlganligi sababli chop etishdagi xarajatlarni qoplamagan. Dastlab homiylik qilganlar va bosmaxona rahbariyati ham moddiy manfaat boʻlmagach, nashr ishlarini toʻxtatishga harakat qilgan. Moliyaviy tanglik munosabati bilan K. Levinning tipografiya firmasi gazeta chiqarishni toʻxtatadi. Shunday vaziyatda jadidlar „Buxoroyi sharif“ shirkatini tuzadilar va gazetalar chiqishini taʼminlash uchun pul yigʻa boshlaydilar. Nashr ishlarida M. Mansurov barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olgan. Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev ham „Tarbiyai atfol“ tashkiloti faoliyatida va roʻznomalarning nashr bilan bogʻliq xarajatlarida oʻz yordamini ayamagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. https://buxoroisharif.uz/
  2. К. Раҳмонов. Бухоро Халқ Совет Республикаси тарихи матбуот саҳифаларида. Toshkent „Abu matbuot-konsalt“ 2012 — 18 bet. 
  3. „Издана первая таджикская газета «Священная Бухара»“ (ru). eurasia.expert (2022-yil 11-mart). 2022-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil